Rossiya Niderlandiyaga gaz berishni to‘xtatdi
Olam
−
31 may 2022
6168Avvalroq Daniya va Niderlandiya Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirish talabini qabul qilmasligi ma’lum bo‘lgandi.
Rossiyaning “Gazprom” transmilliy energetika kompaniyasi Niderlandiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bunga ushbu mamlakat rublda to‘lov qilishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi. Bu haqda kompaniyaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berilgan.
“Gazprom” to‘lov rublda qilinmagani sababli GasTerra B.V.ga (Niderlandiya) gaz yetkazib berishni butunlay to‘xtatdi”, deya e’lon qildi kompaniya.
Ma’lum qilinishicha, 30 may ish kunining oxirida ham “Gazprom Eksport”ga to‘lov qilinmagan.
Prezident Vladimir Putin 23 mart kuni Rossiyaga do‘st bo‘lmagan davlatlar gazi uchun to‘lovlarni rublda amalga oshirishi kerakligi haqida ko‘rsatma bergandi. Putinning farmoniga ko‘ra, 1 apreldan boshlab do‘stona bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatidagi xaridorlar Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Bolgariya, Polsha va Finlyandiya Rossiya shartlarini bajarishdan bosh tortgandi. Bunga javoban “Gazprom” bu mamlakatlarga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan. 27 may kuni Yevropaning energiya bo‘yicha komissari Kadri Simson Yevropa Ittifoqi Rossiyadan import to‘liq to‘xtatilgan taqdirda “zaxira reja” ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi