Rossiya Navai’ning hibsga olinishi ortidan Qozog‘iston TIVga nota yubordi
Olam
−
11:04 662 2 daqiqa
Rossiyaning Olmaotadagi Bosh konsulligi reper Navai (Navai Bakirov)ning ushlanishi holatiga oydinlik kiritish so‘rovi bilan Qozog‘iston TIVga nota yubordi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Biz mahalliy hokimiyat bilan rasmiy muloqot usulimiz bo‘lgan notani yubordik. Maqsad — vaziyatga oydinlik kiritish va, ochig‘ini aytganda, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi hozirda qayerda ekani, qanday sharoitda ushlab turilgani va hokazolar bo‘yicha javob olish hamda zarurat tug‘ilganda u bilan konsullik uchrashuvini so‘rashdir”, deyiladi konsullik xabarida.
Idoraning ma’lum qilishicha, Rossiya tomoni san’atkorning ushlangani haqida OAVdan xabar topgan, Qozog‘iston rasmiylaridan rasmiy bildirishnoma bo‘lmagan.
Navai’ning himoya tomoni sudning hibsga olish haqidagi qarori yuzasidan apellyatsiya shikoyatini tayyorlashni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 oktyabr kuni Navai Bakirov Qirg‘izistondan Qozog‘istonga kirayotganda “Qorday” o‘tkazish punktida ushlangan. Jambil viloyati politsiya departamentining xabar qilishicha, u harakatlanayotgan avtomobil tekshirilganda giyohvandlik moddasi aniqlangan va musodara qilingan.
Ijrochi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan, 15 oktyabr kuni esa sud uni hibsga olishga sanksiya bergan. Tergov giyohvandlik moddalarining kontrabandasi va noqonuniy saqlanishi bilan bog‘liq ikkita modda bo‘yicha olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 14 oktyabr kuni Ostonada Navai’ning yakkaxon konserti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Tadbir boshlanishiga to‘rt soat qolganda chipta operatori konsert “texnik sabablarga ko‘ra” bekor qilinganini e’lon qilgan.
Qirg‘iziston Chegara xizmati san’atkor “Aq-Jol – avtodorojniy” o‘tkazish punktidan nazoratdan qanday o‘tganini aniqlash uchun xizmat tekshiruvini boshlagan. Qirg‘iziston idorasi agar qoidabuzarliklar aniqlansa, xodimlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan.
Navai Bakirov – HammAli & Navai dueti orqali tanilgan ozarbayjon millatiga mansub rossiyalik reper va xonanda.
Live
Barchasi