Rossiya migrantlar uchun daromad solig‘ini keskin oshirishi mumkin
Olam
−
15:03 710 2 daqiqa
Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) migrantlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini 30 foizgacha oshirishni taklif qildi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, LDPR fraksiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Andrey Lugovoy ma’lum qildi.
Uning aytishicha, migrantlar Rossiya infratuzilmasi, tibbiy xizmatlar va boshqa davlat imkoniyatlaridan foydalanadi. Shu bois ular uchun daromad solig‘i stavkasi 30 foizgacha oshirilishi kerak. Lugovoy soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan migrantlarni Rossiyadan deportatsiya qilishni ham taklif qilgan.
“Agar to‘lamasangiz, mamlakatni tark etasiz”, deydi deputat.
Shuningdek, LDPR vakili migrantlar Rossiyaga kirishidan oldin maxsus hisob raqami ochilishi kerakligini aytgan. Unga migrantning o‘zi yoki ish beruvchisi deportatsiya, maxsus saqlash joylari, sud xarajatlari va jarimalarni qoplash uchun mablag‘ kiritishi taklif qilinmoqda.
Lugovoyning fikricha, migratsiya sohasida yagona davlat nazorat tizimini joriy etish zarur. Bu tizim orqali chet el fuqarolarining qayerda yashayotgani, qaysi asosda mamlakatda bo‘lib turgani, qayerda ishlayotgani, soliq to‘layotgani va qonunlarga rioya qilayotganini nazorat qilish mumkin bo‘ladi.
Hozircha mazkur takliflar Rossiya qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar emas, balki LDPR vakili tomonidan bildirilgan takliflar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasining “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi deputati Sergey Mironov yana bir bor Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy etish mavzusini ko‘tarib chiqqanligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi