Rossiya Markaziy Osiyo migrantlarini urushga safarbar qilyapti
Olam
−
04 Sentabr 2023
17641Rossiya qo‘shni davlatlar fuqarolariga Ukrainada jang qilish bo‘yicha e’lonlar bilan murojaat qilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiya 2023 yil iyun oyining oxiridan buyon Ukraina bilan urushga safarbarlik uchun qo‘shni davlat fuqarolariga pul taklif qilib kelmoqda. Jumladan, Armaniston va Qozog‘istonda dastlabki to‘lovlarda 495 ming rubldan (5 ming 140 AQSH dollari) 190 ming rublgacha (1 ming 973 AQSH dollari) maosh taklif qiluvchi onlayn reklamalar kuzatilgan. Qozog‘istonning shimolidagi Qo‘stanay viloyatida ham etnik rus aholisini urushga jalb qilish bo‘yicha harakatlar olib borildi.
“Kamida 2023 yil may oyidan beri Rossiya markaziy osiyolik muhojirlarga Ukrainada jang qilish uchun Rossiya fuqaroligi va 4 ming 160 AQSH dollarigacha maosh va’da qilgan. Mariupoldagi quruvchi o‘zbek muhojirlarining pasportlari yetib kelgach, olib qo‘yilgani va ularni Rossiya harbiylari safiga qo‘shilishga majburlagani aytilmoqda. Rossiyada Markaziy Osiyodan kamida olti million muhojir bor”, deyiladi vazirlik hisobotida.
Rossiyaning bu harakatlariga sabab sifatida 2024 yilgi prezidentlik saylovlari yaqinlashayotgani va mamlakat saylov arafasida nomaqbul ichki safarbarlikka yo‘l qo‘ya olmasligi keltirilgan.
“Chet el fuqarolarini ekspluatatsiya qilish Kremlga qurbonlar soni ortib borayotgan bir paytda urush harakatlari uchun qo‘shimcha xodimlar olish imkonini beradi”, deb yozadi vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Krasnodar shahrida politsiya va FSB xodimlari “Samolyot” turar-joy majmuasi qurilish maydonchasida o‘tkazilgan reyddan so‘ng, 76 nafar chet el fuqarosini qo‘lga olgan.
LiveBarchasi