Rossiya mamlakatda Telegram faoliyatini cheklashni boshladi
Olam
−
17:39 892 1 daqiqa
Bugun, 10 fevraldan boshlab Rossiyada Telegram messenjeri faoliyati qisman cheklana boshladi. Bu haqda RBK xabar berdi.
So‘nggi kunlarda foydalanuvchilar orasida messenjer ishlashidagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygani qayd etilgan. Bundan oldin ham, ya’ni 2025 yil avgust oyida Rossiya rasmiylari Telegram’dagi qo‘ng‘iroqlarni cheklagan edi. Rasmiylar o‘shanda bu ilova firibgarlik uchun ishlatilayotganini bildirgan.
Davlat dumasi deputati Sergey Boyarskiy joriy yilning yanvar oyida Telegram’ni to‘liq bloklash rejalashtirilmaganini aytgandi. Uning aytishicha, messenjerda biznes va foydalanuvchilar uchun muhim bo‘lgan ko‘plab axborot kanallari mavjud.
Telegram Rossiyada ilgari ham cheklovlarga uchragan. 2018 yilda u Federal xavfsizlik xizmati talabiga binoan shifrlash kalitlarini topshirishdan bosh tortgani sabab bloklangan. 2020 yilda esa Telegram asoschisi Pavel Durov hukumat bilan ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgach, cheklovlar olib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram messenjeri rekord miqdorda – 519 645 ta kanal va guruhni bloklagani haqida xabar berilgan edi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi