Rossiya “maxsus operatsiya” boshida Ukraina jang qilmasligini kutgan – Lukasheko 

Olam

image

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi mojaroning oldini olish imkoni bor bo‘lgani, uni hozir ham to‘xtatish mumkinligini aytdi. Bu haqda u ukrainalik jurnalist Diana Panchenkoga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Ukraina bo‘yicha har qanday muzokaralar hech qanday shartlarsiz boshlanishi kerak. Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar kelajakda yaxshilanishi mumkin, ammo buning ustida jiddiy ishlash lozim. Ukraina bo‘yicha muzokaralar jarayonida Belarus ishtirok etishini istisno qilmayman. Belarus va Ukraina vakillari o‘rtasidagi aloqalar Mudofaa vazirligining Ukraina bosh razvedka boshqarmasi orqali amalga oshirilgan, keyin Zelenskiy buni taqiqlagan”, degan Lukashenko.

Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarining alohida bo‘linmalari urush boshida Ukraina chegarasini Belarus hududidan kesib o‘tganini tan olgan. Lukashenkoga ko‘ra, bunga Ukraina tomonining harakatlari asos bo‘lgan. 

“Buning sabablarini Prezident Zelenskiydan so‘ragan ma’qul. Putin meni “maxsus operatsiya” boshlanishi haqida ogohlantirmadi, biroq u mendan bir necha kun oldin “biror narsa bo‘lsa, chegarani yopishni” so‘radi. Shuni tan olish kerakki, Rossiya Federatsiyasi “maxsus operatsiya” boshida Ukraina jang qilmasligiga umid qilib, vaziyatni past baholagan. Rossiya rejalarini tuzatishga majbur bo‘ldi. Putin qurbonlar ko‘p bo‘lmasligi uchun Kiyevni olishdan bosh tortdi”, deya qo‘shimcha qilgan Belarus fuqarosi.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, urushning maqsadlari allaqachon prinsipial ravishda amalga oshirilgan, chunki kelajakdagi Ukraina hech qachon bunchalik tajovuzkor va g‘arbparast bo‘lmaydi. Shuningdek, u Ukrainada mafkuraviy jihatdan kuchli millatchi odamlar qolmagani, ular allaqachon o‘lgani, u yerda hozir ko‘chadan ushlab, frontga olib kelinganlar jang qilayotganini iddao qilgan.

“Rossiya esa o‘zgardi. Rossiya bugungi kunda eng so‘nggi qurollarga ega. Allaqachon yetarlicha dronlar mavjud. Bu butunlay boshqa armiya. Va eng muhimi, ularning zaxirasida 250 ming ko‘ngilli bor”, deydi Lukashenko.

Uning fikricha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainani Moldovadan uzib qo‘yishi mumkin.

“Ular sizni bu yerda maydalab, keyin eng qo‘rqinchli narsani qiladi. Ular sizni Moldova, Dnestr o‘lkasiga olib ketadi. Keyin nima qilasiz?” deb so‘raydi Lukashenko.

Bundan tashqari, u xaritadan Polsha go‘yoki Ukrainaning g‘arbiy qismini egallab olishi, Ukrainaning o‘zida esa kichik bir hudud qolishini ko‘rsatgan.

Unga ko‘ra, Ukrainaning hududiy yaxlitligi tahdid ostida. 

“Ukraina jangovar harakatlarni davom ettirsa, barcha hududlarini boy berishi mumkin, Kiyev “tinchlik sari” borishi kerak. Zelenskiy Ukrainaning bir qismini Polshaga o‘tkazish sari bormoqda. Ukrainaning bir qismini Polshaga berishni Belarus va Rossiya qabul qilmaydi”.

Shuningdek, Lukashenko “Vagner” xususiy kompaniyasi haqida ham gapirgan. Uning ta’kidlashicha, “Vagner” jangchilarining Belarus hududiga kirishi “qo‘zg‘olonni bostirish” uchun zarur bo‘lgan va bu sahnalashtirilmagan.

Shu bilan birga, Belarus fuqarosi Rossiya Prezidenti hokimiyat tepasida qat’iy ekanini ta’kidlagan. 

“Hech kim Vladimir Putinni ag‘dara olmaydi. Putin bo‘lajak saylovlarda Rossiya Prezidenti etib qayta saylanadi, chunki uning raqiblari yo‘q”.

Bundan tashqari, Lukashenko Belarus chegarasi buzilmasa, mamlakat harbiy harakatlarga kirishmasligini aytgan.  Uning qayd etishicha, Belarus armiyasining Ukrainadagi jangovar harakatlarga jalb etilishi hech narsani o‘zgartirmaydi, ularning soni unchalik katta emas.  

“Minsk Ukraina, Polsha yoki Boltiqbo‘yi davlatlaridan Belarusga qarshi har qanday tajovuzga bir zumda javob qaytaradi”, degan Lukashenko.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing