Rossiya Lvovga raketa hujumi uyushtirdi
Olam
−
04 Sentabr
6481Rossiyaning Lvovga tungi raketa hujumi oqibatida kamida yetti kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi, yana 35 nafari yaralandi. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni ertalab Lvov meri Andrey Sadovoy va Lvov viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Maksim Kozitskiy Telegram’dagi kanallarida ma’lum qildi.
Sadoviyning aniqlik kiritishicha, qurbonlardan biri Lvov shahridagi 5-klinikada hamshira-doya bo‘lib ishlagan 50 yoshli ayol bo‘lgan.
U shaharga Shahed dronlari va “Kinjal” raketalari bilan hujum qilinayotgani haqida yozgan.
Mahalliy vaqt bilan taxminan 5:40 da Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari Lvov viloyati yo‘nalishida uchayotgan “ikki guruh qanotli raketalar” haqida ogohlantirgan.
“Soat 5:50 atrofida Lvovda ikkita kuchli portlash sodir bo‘ldi”, deb xabar berdi Ukrainaning “Liga.net” internet nashri o‘z muxbiriga tayanib.
Maksim Kozitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Lvovdagi o‘qqa tutilishi oqibatida turar-joy binolari ham zarar ko‘rgan.
Ayni vaqtda “Ukrzaliznitsa” temiryo‘l kompaniyasi matbuot xizmati Lvov viloyatida 4 sentyabr kuni Rossiya hujumi oqibatida temiryo‘lda uzilishlar bo‘lganini ma’lum qildi. Tashishni ta’minlash uchun zaxira teplovozlar olib qo‘yildi.
Rossiyaning Ukraina g‘arbiy qismiga hujumlari fonida Polsha va ittifoqchilarning jangovar samolyotlari hushyor holatda havoga ko‘tarildi. “Reuters” bu borada samolyotlardan sakkiz kun ichida uchinchi marta foydalanilganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 sentyabr kuni Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi oqibatida 50 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 219 kishi jarohatlangandi.
LiveBarchasi