Rossiya Kurskning 64 foizini qaytarib olganini e’lon qildi
Olam
−
20 fevral 2025 6164 2 daqiqa
Rossiya Qurolli Kuchlari Ukraina nazorati ostidagi Kursk viloyatining 64 foizini qaytarib olganini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 20 fevral kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i, Bosh shtab boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-polkovnik Sergey Rudskoy mamlakat Mudofaa vazirligining “Qizil yulduz” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ukraina Qurolli Kuchlari nazorati ostidagi Kursk viloyati hududi ikki barobardan ko‘proqqa qisqardi. Dushman tomonidan egallangan dastlabki 1 268 kvadrat kilometr maydondan 800 kvadrat kilometrdan ortig‘i ozod qilindi, bu esa 64 foizni tashkil qiladi”, deydi Rudskoy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Kursk viloyatining barcha yo‘nalishlarida oldinga siljimoqda, Ukraina armiyasi esa katta yo‘qotishlarga uchrab, pozitsiyalarini tark etmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya generali 2024 yilda – urush davomida Ukraina yo‘qotishlari haqidagi Rossiya hisob-kitoblarini keltirgan.
“590 ming harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan”, deydi u.
Joriy yilning 4 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morgan bilan intervyuda Ukrainaning umumiy yo‘qotishlari 45 100 nafar harbiydan iborat ekanini bildirgan edi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, 390 ming ukrainalik harbiy yaralangan. Zelenskiy Rossiya yo‘qotishlariga ham to‘xtalib, urush davomida 350 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini, yana 600-700 ming nafari yaralanganini ta’kidlagan edi.
11 fevral kuni Zelenskiy “The Guardian” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Kursk viloyati ustidan nazoratni Ukraina tasarrufiga berish evaziga Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlari bilan almashishni taklif qilishini ma’lum qilgan. Biroq u aynan qaysi hududlarni nazarda tutayotganini ochiqlamagan. Moskva bu taklifni rad etib, Kursk viloyatini harbiy yo‘l bilan qaytarib olishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Ukraina Qurolli Kuchlari 2024 yil avgust oyidan beri ushbu hududni nazorat qilib kelmoqda. 19 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgda dron ishlab chiqarish zavodiga tashrifi chog‘ida Rossiya Qurolli Kuchlarining 810-gvardiyachi alohida dengiz piyoda brigadasi Kursk viloyati orqali Ukraina hududiga kirganini ma’lum qilgandi.
Ukraina hukumatiga qarashli Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko bu ma’lumotni rad etgan. AFP agentligining xabar berishicha, u Putin tomonidan e’lon qilingan keng ko‘lamli hujum haqidagi ma’lumotni “yolg‘on” deb atagan. Kovalenkoga ko‘ra, Rossiyaning diversiya-razvedka guruhi Kursk viloyatidan Ukraina hududiga kirishga uringan, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchrab yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomoni Ukraina mojarosini hal qilish uchun muzokaralar stoliga qaytishga tayyorligini bildirgandi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025