Rossiya koronavirusning xavfli shtammlariga qarshi universal vaksina yaratmoqchi

Olam

image

Rossiyaning Gamaleya nomidagi epidemiologik va mikrobiologik ilmiy-tadqiqot instituti bir vaqtning o‘zida virusning “delta” va “omicron” kabi bir nechta shtammlariga qarshi immun hosil qiluvchi polivalent vaksina yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni markaz direktori o‘rinbosari Denis Logunov ma’lum qilgan.

“Hozirda virusning “delta”, “omicron” va “uxan” (koronavirusning ilk aniqlangan turi) shtammlariga qarshi “Sputnik”ning yangi polivalent na’munasini yaratish ustida izlanishlar bormoqda”, degan Logunov “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning ta’kidlashicha, vaksina tarkibiga kiritilayotgan moddalarning bir qismi virusning “uxan” va “delta” shtammlari asosida paydo bo‘ladigan yangi viruslarga qarshi kurashsa, moddalarning boshqa bir qismi “omicron” shtammidan mutatsiya yo‘li bilan vujudga keladigan yangi namunalardan asraydi.

Olimning fikricha, hozirda Rossiya bo‘ylab keng tarqalmagan “omicron”dan hursand bo‘lib e’tiborsizlikka berilish kerak emas. Mamlakatda virusning yangi shtammi tufayli tez orada ommaviy kasallanishning yangi to‘lqini boshlanadi.

“Aholini ommaviy ravishda emlash g‘oyasi ortida ularni virusdan zararlanib halok bo‘lishdan asrab qolish turibdi. Biz ertami-kechmi, albatta, aholida ommaviy immunitet darjasi ortib, o‘lim holatlari pasayadigan holatga yetamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Logunov.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 326,2 millionga yaqin odam koronavirus bilan kasallanib 5,5 milliondan ortiq kishi vafot etgan.

Rossiyada koronavirusga qarshi kurash federal tezkor shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab infeksiya yuqtirib olgan 10 803 534 kishidan 9 858 615 nafari sog‘aygan va 321 320 kishi vafot etgan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing