Rossiya Kiyevdagi ko‘prikka zarba berdi
Olam
−
12:23 164 2 daqiqa
Bugun, 3 oktyabr ertalab Rossiya qo‘shinlari Kiyevdagi Shimoliy ko‘prikka reaktiv dron bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tish joyida yo‘l qoplamasi va trolleybuslarning kontakt tarmog‘i shikastlangan. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ko‘prik bo‘ylab harakatlanish yopilganini ma’lum qilgan. Bu sababli bir qator avtobus va trolleybus yo‘nalishlari kechikishlar bilan harakatlana boshlagan.
Qayd etish joiz, 1 oktyabrdan beri Rossiya kuchlari Janubiy ko‘prikka bir necha bor hujum qilgan. Hujumlardan biri chog‘ida dron inshootning tayanch qismi yaqiniga borib urilgan, o‘sha paytda ko‘prikdan metro poyezdi o‘tayotgan bo‘lgan. Yo‘lovchilar va mashinist jarohat olmagan. Ilk zarbalardan so‘ng Janubiy ko‘prik orqali metro va yerusti transporti harakati konstruksiyalarni tekshirish uchun vaqtincha to‘xtatilgan. Keyingi hujumlardan so‘ng e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, tayanch, to‘siq, yo‘l qoplamasi va metropolitenning himoya beton to‘sig‘i shikastlangan.
Kncha, 2 oktyabr kuni Klichko Janubiy ko‘prikka yana zarba tekkanini ma’lum qilgan. Bir necha hujumdan so‘ng inshoot transport va metro harakati uchun yopilgan, bu esa Kiyev yo‘llarida jiddiy tirbandliklarni keltirib chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Xarkov shahrining ikki tumaniga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba bergani haqida xabar qilingan edi. Hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 33 kishi, jumladan, 2 nafar bola yaralangan.
Live
Barchasi