Rossiya Kiyevda Qatar elchixonasini o‘qqa tutdi – Zelenskiy (video)
Olam
−
09 yanvar 4979 2 daqiqa
Bugun, 9 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning “keng ko‘lamli” hujumi oqibatida Kiyev shahri va uning atrofida joylashgan 20 ta turar joy binosi, shuningdek, Qatarning Ukrainadagi elchixonasi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Zelenskiyning ma’lum qilinishicha, faqatgina turarjoy binolarining o‘ziga 20 marta zarba berilgan. Shuningdek, Lvov viloyati va mamlakatning boshqa hududlarida ham zarbalardan keyingi tiklash ishlari davom etmoqda.
“Afsuski, hozirgi paytga kelib faqat poytaxtning o‘zida 4 nafar halok bo‘lganlar borligi ma’lum. Ular orasida tez yordam xodimi ham bor. Marhumlarning yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman. O‘nlab odamlar jarohat olgan. Kiyev rasmiylariga ko‘ra, zarbalardan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud Kiyev bo‘lgan. Oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan va kamida 25 kishi jarohatlangan”, deydi Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi, shuningdek, dron zarbasi oqibatida Qatar elchixonasining bir binosi ham zarar ko‘rganini qo‘shimcha qilgan.
“Shu kecha Rossiya droni tomonidan oddiy fuqarolik infratuzilmasi va energetika ob’ektlaridan tashqari, Qatarning elchixonasi binosi ham shikastlandi. Bu – Rossiya bilan vositachilik qilib, harbiy asirlar va Rossiya qamoqlarida saqlanayotgan tinch aholining ozod etilishi uchun katta sa’y-harakat qilayotgan davlatdir”, degan u.
Bundan tashqari, Zelenskiy ushbu holat ortidan AQSH va boshqa ittifoqdoshlaridan yordam so‘ragan.
“Dunyoning aniq va qat’iy reaksiyasi zarur, eng avvalo, Rossiya haqiqatan ham hisoblashadigan Qo‘shma Shtatlar tomonidan. Rossiya diplomatiyaga e’tibor qaratish uning majburiyati ekanini anglab yetishi va har safar qotilliklar hamda infratuzilmani vayron qilishga qaytganida buning oqibatlarini his qilishi kerak”, deydi Ukraina rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Lvov shahriga “Oreshnik” raketasi yordamida kuchli zarba bergani haqida xabar berilgan edi. Bu harakat 2025 yil 29 dekabrdagi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga uyushtirilgan hujumga javoban amalga oshirilgan.
Live
Barchasi