Rossiya XJS va maxsus tribunallar qarorlarini inkor etishi mumkin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 29 dekabr kuni Rossiya hududida xorijiy jinoiy sudlar qarorlarini bajarmaslikka ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bu, jumladan, Xalqaro jinoiy sud va maxsus tribunallarga ham taalluqli.

Qonun matniga ko‘ra, Rossiya boshqa davlatlar ishtirokida faoliyat yuritadigan, ammo Rossiya ishtirok etmaydigan jinoiy sudlar qarorlarini inkor etish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, agar xalqaro sud organining vakolati Rossiya imzolagan xalqaro shartnoma yoki BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga asoslanmagan bo‘lsa, u ham mazkur qonun doirasiga kiradi.

2023 yil mart oyida Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin va Rossiya Prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan hibsga olish orderi chiqargan edi. Sud prokurorlari ularni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni qonunga xilof ravishda Rossiyaga olib chiqishda gumon qilmoqda. Rossiya 2000 yilda XJS faoliyati asosi bo‘lgan Rim statutini imzolagan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan. 2016 yilda esa Kreml o‘z imzosini rasman qaytarib olgan.

2025 yil iyun oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa Kengashi Bosh kotibi Alen Berse Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatlarini tergov qilish uchun maxsus tribunal tuzish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi. Ushbu tribunalning maqsadi – Rossiya va Belarus siyosiy hamda harbiy rahbariyatini Ukrainadagi urush jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish.

Bundan tashqari, Putin sobiq mahkumlar uchun dezertirlikka oid jazoni kuchaytirdi. Endi, agar ular qochib ketsa, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu chora asosan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun ozod qilingan mahkumlarga taalluqli.

Ilgari bunday shaxslar uchun dezertirlik bo‘yicha eng ko‘p jazo 15 yilni tashkil etar edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Xalqaro jinoiy sud XJS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing