Rossiya “xorijiy agentlar” haqidagi qonunchilikni kuchaytirdi
Olam
−
17 iyun 2025 1980 3 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi “xorijiy agentlar”ni jinoiy javobgarlikka tortishni kuchaytiruvchi va Rossiya rasmiylarining fikricha, ular xorijda sodir etgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish imkonini beruvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda bugun, 17 iyun kuni hujjat ikkinchi va uchinchi, yakuniy o‘qishlarda qabul qilindi.
“Ushbu qonun loyihasi bilan biz mansabdor shaxslarning xorijiy agentlarga qo‘ygan talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilaymiz. Bu juda muhim, chunki ular mansabdor shaxslarning talablarini e’tiborsiz qoldiradi”, degan Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin yig‘ilishda.
O‘z navbatida, qonun tashabbuskori, Davlat Dumasining Rossiya ishlariga xorijiy aralashuv faktlarini tekshirish bo‘yicha komissiyasi raisi Vasiliy Piskarev “Interfaks” agentligiga “xorijiy agentlar”ning qariyb 40 foizi Rossiyani tark etganini tushuntirdi, shuning uchun endi Rossiya hukumati ularni mamlakat tashqarisida javobgarlikka tortish niyatida.
Iyun oyi boshida Rossiya hukumati Jinoyat kodeksining 330.1-moddasi 1 va 2-qismlariga o‘zgartirish kiritishni taklif qiluvchi yangi tashabbusni ma’qulladi. Amaldagi tahrirda bu moddalar “xorijiy agent” faoliyatini amalga oshirish tartibini buzganlik uchun 19.34-moddasi asosan o‘tgan yil davomida ikki marta ma’muriy jarimaga tortilgan bo‘lsagina, “chet el agentlari”ni jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutadi. Rossiyada bunday qonunbuzarliklar ro‘yxati juda keng – masalan, “xorijiy agentlar” ijtimoiy tarmoqlarda o‘z maqomlari yozilgan “plastinka” yo‘qligi yoki o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiy organlarga topshirmagani uchun jarimaga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiyada ham “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun hukumatparast Sotsialistik harakat deputatlari tomonidan taqdim etilgan edi. Hujjatdan kelib chiqadiki, “xorijiy manbalardan moliyalashtiriladigan siyosat bilan shug‘ullanayotgan barcha tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatga olinadi va ular har bir nashrda xorijiy agent sifatidagi maqomini ko‘rsatishi shart”. Qonunni buzganlik uchun ayrim faoliyat turlari taqiqlanadi, jinoiy jazo yoki 5 ming dinordan (konvertatsiya qilingan: 576 ming so‘m) 2 million dinorgacha (230 mln so‘m) jarima solinadi.
Shuningdek, 2024 yil aprelda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham “Ayrim qonun hujjatlariga (“Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun va Jinoyat kodeksiga (xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi)” o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Qonun loyihasida Qirg‘izistonda tashkil etilgan va xorijiy davlatlar, ularning davlat organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va boshqalardan pul va boshqa mol-mulk oladigan notijorat tashkilotiga huquqiy maqom kiritish taklif etiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, notijorat tashkilotlar daromadlari, mol-mulki, xarajatlarining hajmi va tarkibi, xodimlarning soni va tarkibi, ularga haq to‘lash, fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlay olmaydi.
Shuningdek, Qozog‘istonda Majlisning (parlament) “Xalq partiyasi” fraksiyasi deputatlari “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarur deb hisoblamoqda.
Live
Barchasi