Rossiya, Xitoy va Hindiston AQSHga qarshi isyon ko‘tardi – polkovnik Makgregor
Olam
−
19 iyul 2023
19359Hindiston, Xitoy va Rossiya tomonidan yangi valyuta yaratish g‘oyasini amalga oshirish AQSHning moliyaviy ustunligiga putur yetkazishi mumkin. Bunday fikrni AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida mudofaa vazirining sobiq maslahatchisi bo‘lib ishlagan iste’fodagi polkovnik Duglas Makgregor “London Real”ga bergan intervyusida bildirdi.
"Xulosa shuki, yangi davr boshlanmoqda. 40 dan ortiq davlat yangi valyutadan foydalanish istagini bildirgan. Albatta, Hindiston, Xitoy va Rossiya buning markazida, poydevorida turibdi. Bu AQSHning moliyaviy hukmronligiga qarshi isyonga o‘xshaydi", deydi polkovnik.
Uning fikricha, bu vaqt o‘tishi bilan AQSH uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Polkovnik Afrika, Lotin Amerikasi va ko‘plab Osiyo davlatlari Rossiyaga hamdard bo‘lib, uning harakatlarini Vashington siyosatiga qarshilik sifatida qabul qilayotganiga e’tibor qaratgan.
Makgregorning ta’kidlashicha, yangi valyuta oltin bilan quvvatlanadi. Oltinning eng katta zaxiralari esa Hindiston, Xitoy va Rossiyada jamlangan.
Aytish joizki, joriy yilning 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammiti chog‘ida yangi valyuta yaratilishi haqida rasmiy e’lon qilinishi kutilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin ham BRICS mamlakatlari Janubiy Afrikadagi sammitda “umumiy hisob birliklari” mavzusini muhokama qilishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, BRICS Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani birlashtiradi. Shuningdek, Efiopiya, Jazoir, Bangladesh va Misr ham BRICS’ga a’zolik uchun rasmiy ariza topshirgan. Guruhga qo‘shilish istagini Argentina, Eron, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va Turkiya ham bildirgan.
LiveBarchasi