Rossiya Xarkovga zarba berdi. 7 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
18:50 1357 2 daqiqa
Rossiya armiyasi bugun, 7 martga o‘tar kechasi 480 ta dron va 29 ta raketa bilan Ukraina shaharlariga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Havo kuchlari xabar berdi.
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, Xarkovning Kiyev tumanidagi besh qavatli turarjoy binosi raketa zarbasiga uchragan – oqibatda pod’ezdlardan biri butunlay vayron bo‘lgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lgan, ular orasida ikki nafar bola (9 yoshli o‘g‘il va 13 yoshli qiz) hamda 65 yoshli ayol bor. Kamida 10 kishi jarohatlangan, vayronalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Ukraina Bosh prokuraturasi Rossiya Xarkovga havo orqali uchiriladigan yangi “Izdeliye 30” qanotli raketasi bilan zarba bergan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Avvalroq Rossiya resurslari bu raketa X-35U kemaga qarshi raketasi asosida, o‘lchamlarini kattalashtirgan holda yaratilgani haqida yozgan.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati xabariga ko‘ra, besh qavatli uyga raketa tegishi ortidan 300 kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, shahardagi yettita ko‘p qavatli uy, avtomobillar, litsey va boshqa ob’ektlarga shikast yetgan. Sinegubovning qo‘shimcha qilishicha, Volchansk tumanining Zemlyanki qishlog‘ida yana bir keksa erkak halok bo‘lgan. Viloyat bo‘yicha tungi o‘qqa tutishlar oqibatida jami 13 kishi, jumladan, uch nafar voyaga yetmagan bola jabrlangan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy RF Qurolli kuchlari kombinatsiyalashgan hujum davomida Kiyev, Xmelnitskiy va Chernovsi viloyatlaridagi energiya ob’ektlariga, Jitomir viloyatidagi temiryo‘lga ham hujum qilganini bildirgan. Shuningdek, Dnepr, Zaporoje, Vinnitsa, Odessa, Poltava, Sumi va Cherkassi viloyatlarida ham vayronagarchiliklar qayd etilgan.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Dnepropetrovsk viloyatining Nikopol tumanida artilleriya o‘qlari oqibatida bir erkak halok bo‘lgan va bir ayol yaralangan. Korxona, 20 ta ko‘p qavatli va xususiy uylar hamda xo‘jalik inshootlari zarar ko‘rgan. Chuguyev meri Galina Minayeva shahar markazidagi xususiy uyga berilgan zarba va kelib chiqqan yong‘in oqibatida ikki kishi jabrlanganini ma’lum qildi.
“Rossiya Ukrainaning turarjoy va kritik infratuzilmasini yo‘q qilishga urinishni to‘xtatmadi, demak [sheriklardan] yordam davom etishi kerak. PURL dasturi kamida hozirgidek faol ishlashi lozim. Odamlarimiz uchun ko‘proq himoyani kafolatlash maqsadida Yevropa Ittifoqi bilan faol hamkorlikka umid qilamiz”, deb yozdi Zelenskiy.
UQK ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujum davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari 19 ta raketani (shu jumladan, 8 ta “Iskander-M/S-400” va 11 ta “Kalibr”) hamda turli tipidagi 453 ta dronni urib tushirgan.
Live
Barchasi