Rossiya Xarkovga aviabombalar bilan zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
09:55 365 2 daqiqa
Rossiya kuchlari kecha, 2 oktyabr kuni Xarkov shahrining ikki tumaniga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 33 kishi, jumladan 2 nafar bola yaralandi. Bu haqda Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov va shahar meri Igor Terexovga tayanib, “Ukrinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zarbalar Nemishlyanskiy va Slobodskiy tumanlariga berilgan. Bombalar xususiy turarjoylar joylashgan hududlarga borib tushgan. Xarkov meri dastlab Nemishlyanskiy tumanida 1 kishi halok bo‘lgani va Slobodskiy tumanida 6 kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Keyinchalik zarba joylaridan birida turarjoy binosi butunlay vayron bo‘lgani aniqlangan.
Slobodskiy tumanida bombalar xususiy uylar orasiga tushgan. Oqibatda qariyb 10 ta xonadon, ofis binolari, ta’lim muassasasi va kamida 6 ta avtomobil zarar ko‘rgan. Nemishlyanskiy tumanida esa xonadonlardan biriga zarba berilgan. Uning atrofidagi yana qariyb 10 ta uy shikastlangan.
Kechga yaqin yaradorlar soni 17 nafarga yetgani ma’lum qilingan. Ular orasida bir bola bor. Yaralangan 48 yoshli erkak jarrohlik amaliyotiga olingan. Keyinchalik hujum joyidan yana bir kishining jasadi topilgan. Shu tariqa halok bo‘lganlar soni 2 nafarga yetgan.
Zarbalar oqibatida jami qariyb 20 ta turarjoy, ofis binolari, ta’lim muassasasi va avtomobillar zarar ko‘rgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda 33 kishi yaralangan. Ularning orasida 2 nafar bola bor. Ayni paytda zarba oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Ukrainaning shaharlariga dronlar orqali hujum qilgandi. Kiyevda dronlardan biri maktab binosiga urilgan bo‘lsa, Odessada biznes-markazga zarba berilgan.
Live
Barchasi