Rossiya Xarkovga hujumlarini kuchaytirdi
Olam
−
11 may
8099Rossiya harbiylarining Xarkov viloyati chegarasiga hujumi kecha, 10 may kuni ertalab soat beshda boshlandi va hozirgacha davom etmoqda. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, chegara zirhli texnikalar ko‘magida buzib o‘tilgan, turli intensivlikdagi janglar davom etmoqda. Kunduzi Ukraina Qurolli Kuchlari pozitsiyalariga havo zarbalari berilgan, kechasi esa Ukraina Qurolli Kuchlari mudofaasining oldingi chizig‘iga artilleriya hujumlari boshlangan. Ukraina tomoni bu hududga zaxira olib kelganini da’vo qilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi Xarkov viloyatida faol amaliyotlar boshlangani haqida xabar bermadi, faqat Markaz qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari Donetskning Novokalinovo qishlog‘ini egallab olganini ma’lum qildi.
Kunning yarmida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya armiyasining Xarkov viloyati shimolidagi hujumini tasdiqlab, Ukraina Qurolli kuchlari buni kutayotganini va hozircha Rossiya armiyasini ushlab turganini qayd etdi. Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlarini Ukraina himoyachilariga va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.
"Haqiqiy foydali harbiy yordam Ukrainaga yetkazilgan quroldir, shunchaki ular haqidagi e’lon emas", deb yozgan Ukraina Prezidenti.
Turli tahliliy agentliklarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalari birdaniga sakkizta kichik aholi punktida intensiv o‘qqa tutilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya armiyasining yutuqlari haqida hali ma’lumot yo‘q. Shu tariqa Ukrainaning Volchansk shahri va bir qancha qo‘shni aholi punktlaridan tinch aholini evakuatsiya qilish boshlandi.
Volchansk - Rossiya va Ukraina chegarasidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan kichik shaharcha. U Belgorodning janubida joylashgan. Mahalliy ma’muriyat ma’lumotlariga ko‘ra, odamlarning asosiy qismi o‘z transportida ketmoqda, ko‘ngillilar va politsiya ishlamoqda. Kecha tundan beri Rossiya artilleriyasi va aviatsiyasining Ukraina qurolli kuchlarining Volchansk yaqinidagi pozitsiyalariga hujumlari ham tez-tez uchragan.
Kun yarmiga kelib Ukraina ommaviy axborot vositalari Xarkov viloyatidagi to‘rtta chegara aholi punkti birdaniga ishg‘ol qilingani haqida xabar berdi. Bular Strelechya, Krasnoye, Pilnaya va Borisovka qishloqlari.
“Rossiya kuchlari Volchansk tumanida oldinga siljimoqda”, deb yozadi “Reuters” Ukrainadagi yuqori martabali harbiy manbaga tayanib.
Gap 30 kvadrat kilometrdan ortiq bosib olingan hudud haqida bormoqda.
Rossiya kuchlarining bu faollashuvi aynan nimani anglatishi mumkinligi haqida harbiy tahlilchilarning turli versiyalari mavjud. Birinchi versiya – Rossiya chegaradosh hududlari – Bryansk, Belgorod va Kursk viloyatlarini o‘qqa tutilishining oldini oladigan uzoq vaqtdan beri muhokama qilingan sanitariya zonasini yaratishga urinish. Ikkinchi versiya – Ukraina Qurolli Kuchlari e’tiborini boshqa yo‘nalishlardan, xususan, Donetskdan chalg‘itish va Ukraina rahbariyatini zaxiralarni Xarkovga o‘tkazishga majburlashga urinish. Uchinchi versiya – Xarkovni o‘rab olish va egallash maqsadida to‘liq ko‘lamli bahor-yoz hujumining boshlanishi.
Urushni o‘rganish instituti esa Rossiya bunday harakatlari bilan Xarkov aholisini shaharga ehtimoliy hujumni kutib, qochishga majburlashni maqsad qilganini prognoz qildi.
Oq uy esa Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya armiyasining kuchaygan hujumidan himoya qilish uchun qurol-yarog‘ bilan ta’minlash maqsadida kechayu kunduz ishlayotganini bildirdi.
"Ehtimol rossiyaliklar Xarkovga kattaroq hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgandir", deydi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Kiyevga 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzolagan edi.
LiveBarchasi