Rossiya Qozog‘istondan jangsiz voz kechmaydi – “The Diplomat”

Tahlil

image

Rossiya energiyaga boy Qozog‘istonni o‘zining geosiyosiy orbitasida saqlab qolishga astoydil intilmoqda. Ushbu Markaziy Osiyo davlati vaqti-vaqti bilan Kremldan uzoqlashishga urinayotgandek tuyulsa-da, ammo Ostona Moskvaga ko‘proq sodiqlik ko‘rsatish uchun bosim ostida ham bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Diplomat” nashrida chop etilgan maqolada aytiladi. 

Qayd etilishicha, mustaqillikka erishganidan beri va 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Qozog‘iston o‘zi ta’kidlaganidek ko‘p vektorli tashqi siyosat olib bormoqda.

“Ostona shu kungacha Rossiya bilan ittifoqchilikni, Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarini va G‘arb bilan yaqinroq aloqalarni o‘rnatish niyatida muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Qolaversa, Qozog‘iston Turkiy Davlatlar Tashkiloti orqali keng turkiy dunyo bilan integratsiyalashishga intilmoqda. Ostonadagi sammit Qozog‘iston rahbariyati uchun nafaqat tashkilotga a’zo qo‘shni sobiq sovet davlatlari, balki guruhning amaldagi rahbari Turkiya bilan ham ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun ideal imkoniyat bo‘ldi. Anqara Moskvaning geosiyosiy orbitasida an’anaviy bo‘lib kelgan mintaqa – Markaziy Osiyoda o‘z ishtirokini oshirishga intilayotganini juda yaxshi bilgan Rossiya Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘z ta’sirini saqlab qolishni maqsad qilgan”, deyiladi nashr maqolasida.

Shu yilning 9 noyabr kuni Ostonadagi uchrashuv oldidan To‘qayev rus tilining MDH makonida birlashtiruvchi omil sifatidagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tgandi. Shuningdek, u Qozog‘istonning janubiy viloyatlarida Rossiya bilan qo‘shma ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini aytib o‘tgandi.

“Bu Ostona rasmiylari mamlakatni Ukrainaga xos derussifikatsiyani amalga oshirishni rejalashtirmayotgani haqidagi ramziy xabar edi, chunki bunday harakat Qozog‘istonning Moskva bilan munosabatlari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi”, deyiladi “The Diplomat” maqolasida.

Rossiya Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigi bo‘lib, o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi rekord darajadagi 27 milliard dollarga yetgan. Qayd etilishicha, Qozog‘istonning energiya eksporti yo‘llari shimoliy qo‘shnisiga qattiq bog‘liqligicha qolmoqda. Haqiqatan ham, energetika nuqtai nazaridan, Rossiya Qozog‘istonning Yevropaga asosiy darvozasi hisoblanadi, chunki Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan neftning 80 foizi Rossiya hududi orqali o‘tadi.

Biroq, nashrning bildirishicha, bu Ostonaning G‘arb bilan yaqinroq siyosiy va iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishga intilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

To‘qayevning Putin bilan uchrashuvi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Qozog‘istonga tashrifidan 10 kun o‘tmay sodir bo‘ldi. Avval xabar berganimizdek, Rossiya o‘z navbatida G‘arbga ishora qilib qonuniy hukumatni, an’anaviy qadriyatlarni va umuman Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridagi vaziyatni buzishga harakat qilinayotganini aytib o‘tgandi.

“Shu bilan birga, Rossiya Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston va O‘zbekistondan tovarlarni Turkmaniston va Kaspiy dengizi orqali Rossiya va undan tashqariga yo‘naltirish yo‘li bilan Qozog‘istonni aylanib o‘tadigan Janubiy transport koridorini qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu Moskvaning Ostonaning G‘arb bilan “noz-karashmasi”ga, shuningdek, Rossiyani chetlab o‘tuvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, o‘rta koridordagi ishtirokiga munosabati bo‘lishi mumkinmi?” deydi “The Diplomat” jurnalisti maqolasida.

Joriy yilning 19 oktyabr kuni Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat Torebayev G‘arb sanksiyalari tufayli uning mamlakati Rossiyaga 106 turdagi mahsulot, jumladan, uchuvchisiz samolyotlar, ixtisoslashtirilgan elektronika, chiplar va shunga o‘xshash harbiy mahsulotlar eksportini to‘xtatganini aytgandi. 

Nashrning qayd etishicha, iyul oyida Qozog‘iston Qirg‘izistondan Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlarning noqonuniy jo‘natilishiga to‘sqinlik qilgani haqida xabar berilgan edi, bu esa Ostona AQSH va Yevropa Ittifoqiga Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik kafolatlarini bajarishga urinayotganidan dalolat beradi.

Ammo shunga qaramay, yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Putin Qozog‘istonni Moskvaning eng yaqin ittifoqchisi deb bilishini bildirgandi. To‘qayev esa o‘zining Rossiya rahbari bilan uchrashuvini tarixiy ahamiyatga ega, deb ta’riflagandi.

Aytilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shubhasiz Rossiyaning Qozog‘iston bilan munosabatlaridagi status-kvoni saqlab qolishga intiladi. To‘qayev esa Ostonaning o‘nlab yillik ko‘p vektorli tashqi siyosatini amalga oshirishda davom etmoqda.

“Ukrainadagi qator tanazzullar, shuningdek, Armanistonning G‘arb bilan yaqin aloqalar o‘rnatishi va Rossiya ta’sir zonasini tark etishga intilishi ortidan Moskva Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat bo‘lgan Qozog‘istonni ittifoqchi sifatida yo‘qotishga dosh berolmaydi. Shu sababli, yaqin oylarda Putin va To‘qayev uchrashuvlarini davom ettiradi”, deyiladi maqolada.

Keltirilishicha, ikki davlat rahbarlari tez orada Minskda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida, keyin Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida, shuningdek, MDH davlatlari rahbarlarining Sankt-Peterburgda Yangi yil oldidan norasmiy uchrashuvida qatnashishi kutilmoqda.

Iddao qilinishicha, energetika Rossiya tashqi siyosatining asosiy harakatlantiruvchi omillaridan biri ekani hisobga olinsa, Kreml Ostonaga Rossiya energetika giganti “Rosatom”ga Markaziy Osiyo davlatida atom elektr stansiyasini qurishga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazishi mumkin. 

“Bunday ritorika Ostona “Rosatom” ga Qozog‘istonning yadroviy kelajagida hal qiluvchi rol o‘ynashiga ruxsat berishga tayyor ekanligidan dalolat beruvchi signal sifatida talqin qilinishi mumkinmi? Bir narsa aniq - Rossiya o‘zining "hovlisi"dan jangsiz voz kechmaydi. Ammo Ostona ham, Moskvaning ehtimoliy bosimiga qaramay, G‘arb bilan yaqin iqtisodiy, siyosiy va hatto harbiy aloqalarni rivojlantirishni to‘xtatmaydi. Yaqin oylar va yillarda Qozog‘istonga ta’sir o‘tkazish uchun kurash kuchayishi mumkin. Ostonada tanlash uchun ko‘plab hamkorlar bo‘ladi”, deyiladi nashr maqolasida.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing