Rossiya Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazib berishni to‘xtatmoqchi

Olam

image

Rossiya joriy yil 1 maydan boshlab o‘z nazoratidagi “Drujba” quvuri orqali Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazib berishni to‘xtatish niyatida. Bu haqda sohadagi vaziyatdan xabardor uchta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi. 

Anonim qolishni afzal ko‘rgan manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya rasmiylari neft tranzitining tuzatilgan grafigini Qozog‘iston va Germaniyaning sohaviy idoralariga allaqachon yuborgan. Nashrning yozishicha, hozircha Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi ushbu ma’lumotlarni tasdiqlash uchun OAV so‘roviga javob bermagan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov kundalik brifing chog‘ida jurnalistlarga “Drujba” orqali xomashyo yetkazib berishni to‘xtatish rejalari haqida bilmasligini aytgan. Shu bilan birga, Peskov ushbu ma’lumotni tekshirishga va’da bergan.

“Reuters”ning qayd etishicha, Rossiya nefti uzoq yillar davomida Germaniyaga, xususan, Shvedt shahrida joylashgan eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berilgan. Ammo Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya Federatsiyasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yomonlashdi. Buning fonida, Rossiyaning “Rosneft” korporatsiyasi nazoratida bo‘lgan yuqorida qayd etilgan NQZ (neftni qayta ishlash zavodi) Germaniya rasmiylari boshqaruviga o‘tdi. Biroq “Drujba” neft quvuridan haligacha foydalanib kelinmoqda, u orqali Yevropaga Qozog‘iston xomashyosi kirib bormoqda.

2025 yilda Markaziy Osiyo respublikasi ushbu usul bilan Germaniyaga 2,1 million tonnadan ortiq neft yoki kuniga taxminan 43 ming barrel eksport qilgan, bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 44 foizga yuqoridir. Shu bilan birga, tranzit tizimi faoliyati Rossiya hududidagi neft quvuri uchastkalariga Ukraina dronlari tomonidan berilgan zarbalar tufayli bir necha bor to‘xtatilgan edi. 

“KazTransOyl” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Qozog‘iston neftining Germaniyaga eksporti 353 ming tonnaga oshib, 730 ming tonnani tashkil etgan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo respublikasi bu yil Germaniyaga 2,5 million tonnagacha neft yetkazib berishni rejalashtirgan edi. Shu sababli, ekspertlarning fikricha, tranzitning ehtimoliy to‘xtatilishi Qozog‘iston xomashyosini Yevropaga yetkazib berishning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga daxl qilishi mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston neft' Drujba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing