Rossiya iqtisodiyotini tiklashga qancha vaqt kerak? Mishustin javob berdi
Olam
−
07 aprel 2022
19708
Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyoti yangi sharoitlarda ishlash uchun qayta tashkil etishga olti oy kerak. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustin Davlat Dumasidagi hukumat hisobotida ma’lum qildi.
“Iqtisodiyotning tiklanishi uchun vaqt kerak. Bunday zarba qarshisida qayta qurish uchun kamida yarim yil sarflamaslik mumkin emas”, deydi u.
Mishustinga ko‘ra, hukumatning barcha kuchlari Rossiya iqtisodiyotini hozirgi voqelikka moslashtirish jarayoniga qaratilgan. Hukumat korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘yapti.
"Endi bu bizning mamlakatimizda import o‘rnini to‘liq o‘zgartirish yoki do‘st mamlakatlarda yangi zanjirlar topish uchun kuchli rag‘batdir. Biz buni juda yaxshi tushunamiz va butun siyosatimiz shunga qaratilgan", deydi u.
Ma’lumot uchun, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi harbiy amaliyot fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.
Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.
Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.
AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostec” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.
6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi.
7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.
LiveBarchasi