Rossiya guruch eksportini taqiqladi

Olam

image

Rossiya hukumati mamlakatdan guruch, guruch yormalari va ozuqa aminokislotalarini eksport qilishni vaqtincha chekladi. Ushbu chora 1 iyuldan 31 dekabrgacha amal qiladi. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

“2022 yil 1 iyuldan 31 dekabrgacha Rossiyada ozuqa aminokislotalari, guruch va guruch yormalarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlar joriy etildi. Hukumat Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlangan tegishli qarorlarni imzoladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur qaror mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ushbu mahsulotlarning ichki narxlarini barqaror saqlash, shuningdek chorvachilik va qayta ishlash tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, L-lizin sulfat, L-lizin monohidroxlorid va DL-metionin – hayvonlarning to‘liq oziqlanishi uchun zarur bo‘lgan muhim ozuqa aminokislotalariga vaqtinchalik eksport cheklovlari joriy etildi.

“Bu qaror ichki bozorda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan defitsitning oldini oladi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, vaqtinchalik taqiq ushbu mahsulotlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII), Abxaziya, Janubiy Osetiya, Donetsk va Lugansk xalq respublikalariga, shuningdek xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida eksport qilishga taalluqli emas.

O‘z navbatida, guruch va guruch yormalarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlar YeOII mamlakatlariga va xalqaro hukumatlararo kelishuvlar doirasida eksport qilish uchun qo‘llanilmaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Oksana Lutning so‘zlariga ko‘ra, qabul qilingan qarorlar ichki bozorni zarur mahsulotlar bilan to‘liq ta’minlash imkonini beradi: aminokislotalar eksportini taqiqlash chorvachilikda ijobiy dinamikani saqlab qolishga, sholiga cheklovlar esa don mahsulotlari yetishmasligi xavfini bartaraf etishga va tayyor mahsulotlarning barqaror narxlarini ta’minlashga yordam beradi.

Avvalroq, Belarus hukumati qator muhim oziq-ovqat mahsulotlarini respublika tashqarisidan olib chiqishga qat’iy cheklovlar o‘rnatgani haqida xabar bergan edik. Bunga chegara hududlarida oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortib borayotgani sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya guruch

Baholaganlar

109

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing