Rossiya Germaniya bilan harbiy hamkorlik bo‘yicha bitimdan chiqdi

Olam

image

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Germaniya bilan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi 1996 yilda tuzilgan kelishuvni bekor qilish haqida farmoyish imzoladi. Mazkur hujjat rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

“Rossiya Federatsiyasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risidagi federal qonunning 37-moddasiga muvofiq, 1996 yil 14 iyun kuni Moskvada imzolangan Rossiya hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi hukumati o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘z kuchini yo‘qotadi”, deyiladi hujjatda. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Germaniya tomonini ushbu qaror haqida xabardor qilish topshirilgan.

Rossiya TIV ushbu bitimdan chiqish niyati haqida joriy yilning iyun oyida ma’lum qilgan edi. O‘shanda vazirlik bitim rasmiy ravishda amal qilayotgan bo‘lsa-da, u “mavjud sharoitda hech qanday mazmun va amaliy ahamiyatga ega emas”ligini hamda Rossiya-Germaniya o‘rtasidagi hozirgi munosabatlar holatiga “mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini” bildirgan edi.

TIV bayonotida, shuningdek, Germaniya hukumati “o‘ta haddan oshgan tashqi siyosiy ambitsiyalar” bilan harakat qilayotgani, bu esa Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha asosiy manfaatlariga bevosita tahdid solayotgani ta’kidlangan.

Germaniya esa Ukraina urushi boshlanganidan beri Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha eng yirik donorlardan biriga aylangan. 17 iyul kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Londonda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukrainaga uzoq masofali zarba beruvchi qurol tizimlarini yetkazib berishni va’da qilgan. Bu qurollar Britaniya va Germaniya mudofaa sanoati hamkorligida ishlab chiqarilgan.

Moskva esa Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishini keskin qoralaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi tomonidan havo hujumlarining kuchayishi va Kiyevning bir necha bor iltimosiga qaramay, Germaniya Ukrainaga TAURUS qanotli raketalarini yetkazib bermasligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Rossiya harbiy hamkorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing