Rossiya G‘arbning qoidalariga bo‘ysunmaydi – Putin

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari olib borayotgan siyosatni qattiq tanqid qilib, Yevropani boshqa davlatlarning ichki masalalariga aralashganlikda aybladi. Bu haqda Kreml rahbari “Primakovskiye chteniya” forumiga yo‘llagan maktubida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb o‘zini dunyoga tartib va qonun o‘rnatayotgan taraf sifatida ko‘rsatadi, ammo aslida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashib, ularga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda.

“G‘arb davlatlari dunyo qoidalarga asoslangan bo‘lishi kerakligini iddao qiladi. Lekin bu gaplar ortida boshqa davlatlarning mustaqilligini hurmat qilmaslik, ularning ichki ishlariga aralashish va tashqi siyosatini o‘zgartirishga majburlash kabi niyatlar yashiringan. Rossiya va dunyodagi ko‘plab mamlakatlar bunday qoidalarni mutlaqo qabul qilmaydi”, degan Putin.

Rossiya Prezidenti dunyoda barcha davlatlar teng bo‘lishi, har bir mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlashi kerakligini ta’kidlagan. U xalqaro huquq ustuvor bo‘lishi va bu qonunlar barcha davlatlar uchun bir xil amal qilishi lozimligini aytgan.

Putin, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining obro‘si va vakolati saqlanib qolishi muhim ekanini ham qayd etgan.

Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov esa G‘arbni xalqaro tartibni buzayotganlikda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari turli sanksiyalarni tinimsiz joriy qilmoqda va o‘zlari tuzgan qoidalarni faqat o‘z manfaatlari uchun talqin etyapti.

“Ular qoidalarga asoslangan tartib haqida gapiradi. Ammo amalda bitta qoida ishlayapti: kim kuchli bo‘lsa, o‘sha xohlaganini qiladi”, degan Ushakov.

Rossiya rahbari avval ham bir necha bor dunyo bir markazga bo‘ysunmasligi, aksincha ko‘p qutbli tizim shakllanishi kerakligini aytgan. Uning fikricha, kelajakdagi dunyo tartibi faqat tenglik, o‘zaro hurmat va barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olish asosida qurilgandagina adolatli bo‘ladi.

Putinning ta’kidlashicha, hozir yangi dunyo tartibi shakllanmoqda va unda milliy mustaqillikni qadrlaydigan davlatlarning o‘rni tobora kuchayib bormoqda.

Ma’lumot uchun, “Primakovskiye chteniya” – 2015 yildan beri Moskvada o‘tkazib kelinayotgan yirik xalqaro ilmiy-ekspert forumi sanaladi. Forum mashhur rus siyosatchisi, diplomat va olim Yevgeniy Primakov xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti (IMEMO) tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyun kuni Yevropa Ittifoqi yetakchilari Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiyaga qarshi sektorli sanksiyalarni avvalgi kabi 6 oy emas, balki bir yil muddatga uzaytirishga kelishib olgandi.

Qabul qilingan qarorga ko‘ra, YeI tarixida birinchi marta Rossiyaga qarshi sektorli sanksiyalar 12 oylik muddatga uzaytirilmoqda. Shu vaqtgacha mazkur cheklovlar har olti oyda qayta ko‘rib chiqilar edi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin siyosat G'arb davlatlari tanqid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing