Rossiya dron va dengiz raketalari yordamida Ukrainaga hujum tayyorlashi mumkin
Olam
−
31 may 2023
6124Rossiya Ukrainaga dengizdan raketalar va dronlar bilan kuchli hujum tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ukraina janubi mudofaa kuchlari qo‘shma muvofiqlashtiruvchi matbuot markazi rahbari Natalya Gumenyuk telemarafon efirida ma’lum qilgan.
“Dushman tinimsiz raketa tashuvchilarni harakatga keltirmoqda. Bu dushman yana dron hujumi va raketa hujumini aralashtirib, makkorona hujumga tayyorlanayotganidan dalolat berishi mumkin”, deydi Gumenyuk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, endi havoda emas, balki dengizda joylashgan raketalar qo‘llanilishi ehtimoli bor.
"Ular bir qancha vaqt dengiz tashuvchilaridan foydalanmagan va ehtimol ular bu vaziyatni kelajakdagi hujumlar uchun moslashtirgandir", deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, 30 may kuni Moskvada dron hujumi sodir bo‘ldi. Moskva meri Sergey Sobyanin hujum oqibatida bir nechta binolar zarar ko‘rganini aytdi. Rossiya Mudofaa vazirligi poytaxt Moskvaga bo‘lgan hujumda Ukrainani aybladi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, hujumda bevosita Kiyev rejimining qo‘li bor.
O‘z navbatida Ukraina Prezidenti devonining maslahatchisi Mixail Podolyak mazkur ishga Ukrainaning aloqasi yo‘qligini bildirdi. Bundan tashqari, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskvada bo‘lgan dron hujumlariga nisbatan eng qat’iy choralarni ko‘rishga va’da berdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Kiyev rossiyalik fuqarolarni qo‘rqitish yo‘lini tanlaganini va bu terrorchilik faoliyatining yaqqol belgisi ekanini aytdi.
LiveBarchasi