Rossiya “don yo‘lagi” bo‘ylab kemalar harakatini to‘xtatdi

Olam

image

Rossiya “don yo‘lagi” bo‘ylab kemalar harakatini to‘xtatadi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, bu Ukraina tomonidan Sevastopoldagi harbiy kemalar va fuqarolik kemalariga qarshi sodir etilgan terrorchilik harakati atrofidagi vaziyat aniqlanguniga qadar davom etadi.

“Ukraina tomonidan 29 oktyabr kuni Sevastopol shahrida harbiy kemalar va fuqarolik kemalariga qarshi sodir etilgan terrorchilik harakati atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar “don yo‘lagi” bo‘ylab harakat to‘xtatildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, kemalarning xavfsizlik koridori bo‘ylab harakatlanishi qabul qilinishi mumkin emas. Chunki Ukraina rahbariyati va Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligi undan Rossiya Federatsiyasiga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun foydalanmoqda.

“Kiyev undan harbiy maqsadlarda foydalanishni to‘xtatmaguncha, “don yo‘lagi”dagi biron bir ob’ekt xavfsizligini kafolatlash mumkin emas”, deydi vazirlik xabarida.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya don yo‘lagi tashabbusidan chiqmayotganini, balki kelishuvlarni to‘xtatib qo‘yganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva bunga anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujumni sabab sifatida keltirib, hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini  ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Aytish joizki, mazkur hujjatni Rossiya, BMT va Turkiya vakillari Ukraina rasmiylari bilan birgalikda imzolagan.  Chunki don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugashi sabab Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing