Rossiya bozoridan yuz o‘girayotgan gigantlar yoxud cho‘kayotgan pivo sanoati
Tahlil
−
06 may 2022
22373Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 24 fevralda Ukrainada “maxsus operatsiyalar” boshlaganidan keyin transmilliy kompaniyalar Rossiya bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. McDonald’s, PepsiCo, Shell, Starbucks, Unilever, Mastercard va Visa kabi yillar davomida mamlakat bilan aloqalar o‘rnatgan o‘nlab kompaniyalar hal qiluvchi murakkab bitimlarga duch keldi. Walt Disney Company, Sony va Warner Bros. Rossiyada film namoyishlarini, Disney esa mamlakatdagi barcha biznes operatsiyalarini to‘xtatdi.
Sarmoyadorlar va iste’molchilarning bosimi ostida ko‘plab G‘arb kompaniyalari o‘z sarmoyalarini qisqartirishga, do‘konlarini yopishga va Rossiyadagi savdolarni to‘xtatishga kirishdilar.
Dastlab, Ukrainadagi urush sababli yirik brendlar va chakana savdogarlar Rossiya Federatsiyasini tark etgan yoki o‘z bizneslarini to‘xtatgan bo‘lsalar, hozirda mamlakatning turli hududlaridagi yirik ishlab chiqarish kompaniyalari o‘z zavodlarini sotmoqda yoki yopmoqda.
IKEA, Adidas va H&M’ning Renault, Henkel yoki Carlsberg’dan qanday farqi bor? Ular birinchilardan bo‘lib Rossiya bozoridan chiqishlari yoki Rossiyada o‘z bizneslarini to‘xtatib qo‘yishlarini Ukrainaga hujumdan so‘ng darhol, fevral oxiri yoki mart oyi boshida e’lon qilishgandi. Ular orasida, ayniqsa, chakana savdogarlar ko‘p edi. Ular uchun savdo nuqtalarini yopish va eshiklariga omborxona qulflarini osib qo‘yish yetarli bo‘ldi.
Ammo, urush boshlanganidan taxminan bir oy o‘tgach, Rossiyadan chiqib ketishning birinchi to‘lqinidan ko‘p o‘tmay, ikkinchisi boshlandi. Aprel oyi davomida esa u o‘sib bordi vaa bu safar, ayniqsa, Rossiya bozorini tark etadigan firmalar orasida ko‘plab ishlab chiqarish kompaniyalarini ko‘rishimiz mumkin. Ularning Rossiyada faqatgina do‘konlari emas, balki zavodlari mavjud bo‘lib, zavodlar nafaqat Moskva, Sankt-Peterburg kabi shaharlarda, aksincha, Rossiyaning bir necha viloyatlari hamda chekka hududlarida ham mavjud. Va mazkur kompaniyalar ushbu hududlarda asosiy ish beruvchilardan hisoblanadi.
Yevropa pivo ishlab chiqaruvchilari o‘z zavodlarini kimgadir sotishga umid qilmoqda
Hozirda aksariyat hollarda G‘arb sarmoyadorlari Rossiyani nafaqat sanksiyalar tufayli, balki urushni tubdan rad etish, imidj xavf-xatarlari yoki mamlakatda normal biznesni davom ettirishning iloji yo‘qligini tushunganlari sababli ham tark etmoqdalar.
28 mart kuni Yevropaning ikki pivo giganti – Gollandiyaning Heineken va Daniyaning Carlsberg kompaniyalari Rossiya Federatsiyasida o‘z bizneslarini bir vaqtda sotuvga qo‘yishdi. Birinchisi – "Oxota", "Jigulevskoye" va "Bochkarev" brendlari hamda Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Sterlitamak (Bashqirdiston), Yekaterinburg, Novosibirsk, Irkutsk va Xabarovskdagi 7 ta zavodga egalik qilsa, ikkinchisi – Sankt-Peterburg, Yaroslavl, Tula, Voronej, Rostov-Don, Samara viloyati, Novosibirsk va Xabarovskdagi 8 ta zavodni o‘z ichiga oluvchi “Baltika” kompaniyasiga ega.
Bir necha hafta davomida Carlsberg o‘z biznesini Rossiyada "Sibirskaya korona", “Klinskoye”, “Tolstyak” brendlariga ega bo‘lgan jahon yetakchisi Anheuser-Busch InBev (AB InBev)ga sotish imkoniyatiga ega deb hisoblanyotgandi. Biroq, 22 aprel kuni ushbu Belgiya konserni ham Rossiya bozorini tark etayotgani va o‘z aktivlarini 2018 yildan beri u bilan AB InBev Efes qo‘shma korxonasiga ega bo‘lgan Turkiyaning “Anadolu Efes” kompaniyasiga berishni xohlayotganini ma’lum qildi. Ushbu qo‘shma korxona Rossiyada 11 ta zavodga ega: Klin, Kaluga, Ivanovo, Saransk, Ulyanovsk, Qozon, Ufa, Voljskiy, Omsk, Novosibirsk, Vladivostok.
“Anadolu Efes” qo‘shma korxonadagi o‘z ulushini belgiyaliklardan sotib olishi mumkin, ammo turk kompaniyasi Yevropaning yana ikki gigantining zavodlarini ham sotib olishni xohlaydimi yoki sotib olishga qurbi yetadimi degan savol ham mavjud. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Federal Monopoliyaga qarshi xizmatining asosli e’tirozlari paydo bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Umuman olganda, so‘nggi yigirma yil ichida ancha muvaffaqiyatli rivojlangan Rossiya pivo sanoati bir vaqtning o‘zida uchta yirik xorijiy investorini yo‘qotmoqda. Bu muqarrar ravishda Rossiya korxonalarining sanoatdagi moliyaviy, innovatsion va eksport imkoniyatlariga ta’sir qiladi hamda Rossiya bozorida raqobatni zaiflashtirib, narxlarning oshishi, sifatning esa pasayishiga olib keladi. Bularning barchasi, Rossiya aholisi xarid qobiliyatining pasayishi sharoitida, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan zaif mintaqalarda bir qator zavodlarning yopilishiga sabab bo‘ladi.
Dr.Oetker va Renault: qanday yo‘l tutdi?
Pivo ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq, nemis kompaniyasi Dr.Oetker (o‘zining muzlatilgan pitssalari, shirinliklari va shirinliklar uchun mahsulotlar bilan tanilgan) katta narx taklif qiluvchi xaridorni kutib o‘tirmadi va 8 aprel kuni Belgoroddagi zavodini Rossiya rahbariyatiga sotganini ma’lum qildi.
Rossiya iqtisodiyotidagi ikki yirik fransuz investorlari ham xuddi shu yo‘lni tanladilar. 11 aprel kuni Societe Generale moliyaviy guruhi Rossiyadagi bank va sug‘urta faoliyatini to‘xtatgani haqida ma’lum qilib, Rossiyaning “Rosbank”ini o‘zining uzoq yillik hamkori, tadbirkor Vladimir Potaninning “Interros” kompaniyasiga sotishini ma’lum qildi.
27 aprel kuni esa Renault avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Rossiyaning Tolyatti shahrida joylashgan eng yirik yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi AvtoVAZ kompaniyasidagi 68 foiz ulushini Moskvaning NAMI ilmiy-tadqiqot institutiga (aftidan, ramziy ma’nodagi summaga yoki bepul) hamda Moskvadagi “Reno Rossiya” zavodini Moskva shahar hokimiyatiga “berayotgani” ma’lum bo‘ldi.
Henkel Rossiyadagi zavodlarini yopish, sotish yoki berishga tayyor
Germaniyaning maishiy kimyo, kosmetika va shaxsiy gigiyena vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Henkel tomonidan turli yo‘llar ko‘rib chiqilmoqda. Kompaniya 19 aprel kuni asosiy qarorni e’lon qilgan hamda 29 aprel kuni konsern rahbari Karsten Knobel Rossiya bozoridan chiqish doirasida turli xil variantlar – korxonani keyinchalik hisobdan chiqarish, sotish, mahalliy top-menejerlarga topshirish bilan yopish mumkinligi haqida ma’lum qildi. Henkel’ning Moskva, Leningrad, Saratov, Ulyanovsk, Chelyabinsk, Novosibirsk viloyatlari, Stavropol va Perm o‘lkalarida 11 ta zavodi mavjud.
Bundan tashqari, so‘nggi bir yarim-ikki hafta ichida yana bir necha kompaniyalar Rossiyadagi bizneslarini sotishlari yoki to‘xtatishlari haqida xabar qilishdi.
22 aprel kuni Shvetsiyaning Essety kompaniyasi (Zewa hojatxona qog‘ozi, Libero bolalar tagliklarini ishlab chiqaruvchi) Rossiyada biznes sharoitlarining yomonlashuvi tufayli Leningrad viloyatining Svetogorsk shahridagi uchta zavodini sotmoqchi ekanligi haqida xabar berdi.
26 aprel kuni Finlyandiyaning pishloqni qayta ishlab chiqaruvchi Valio kompaniyasi o‘zining Moskva viloyati Yershovo qishlog‘idagi zavodini Rossiyaning “Velsom” go‘sht kompaniyasiga sotganini e’lon qildi. 28 aprel kuni Fransiyaning Total Energies kompaniyasi Kaluga viloyatidagi motor moyi zavodini faoliyatini shunchaki to‘xtatishini ma’lum qildi.
Shunday qilib, G‘arb kompaniyalarining Rossiya bozoridan chiqib ketishining ikkinchi to‘lqini davom etmoqda va bu jarayon may oyida kuchayishi mumkin. Chunki, Germaniyaning Volkswagen, Mercedes-Benz va BMW kabi avtomobil zavodlari ishlab chiqarishni to‘xtatganiga deyarli uch oy bo‘ldi hamda ertami-kechmi ular Rossiya hududidagi zavodlari xodimlariga majburiy ishlamay qolganlik uchun yana qancha vaqt ish haqi to‘lash niyatida ekanliklarini hal qilishlari lozim.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi