Rossiya bilan kelishuvga erisha olmagan AQSH endi qanday yo‘l tutmoqchi? 

Olam

image

AQSH ma’muriyati kelasi hafta boshida Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha keyingi diplomatik qadamlar haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin. Bu haqda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi. 

Rossiya Ukraina atrofidagi vaziyat va Yevropa xavfsizlik arxitekturasini muhokama qilish uchun G‘arb davlatlari bilan uchta uchrashuv o‘tkazdi. Jeneva, Bryussel va Venada bo‘lib o‘tgan muloqotlar tomonlar pozitsiyalarida jiddiy farqlar mavjudligini ko‘rsatdi va yangi aloqalar bo‘yicha kelishuvlarsiz yakunlandi. 

“Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz, jumladan ukrainaliklar bilan yaqin aloqadamiz. Keyingi qadamlar ustida yaqin hamkorlikda ishlayapmiz. Kelgusi hafta boshida biz keyingi diplomatik qadamlar haqida ko‘proq ma’lumot almashishimiz mumkin”, degan Sallivan CBS telekanaliga bergan intervyusida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar vaziyatni keskinlashtirishga ham, diplomatik ishni davom ettirishga ham tayyor. 

“Agar Rossiya diplomatiya yo‘lida olg‘a borishni istasa, ittifoqdoshlarimiz va hamkorlarimiz bilan hamkorlikda bunga mutlaqo tayyormiz, agar Rossiya bosqinchilik va eskalatsiya yo‘liga o‘tmoqchi bo‘lsa, biz bunga ham qat’iy javob bilan tayyormiz”, degan u. 

Ma’lumot o‘rnida, G‘arb siyosatchilari so‘nggi oylarda Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘plaganini da’vo qilmoqda. Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Qurolli kuchlar davlat hududida harakatlanmoqda — bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni xavotirga tushirmasligi kerak. Moskvaga ko‘ra, “Rossiya agressiyasi” haqidagi bayonotlar chegara hududlarida NATO kontingentlarini to‘plash uchun bahona sifatida foydalanilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

409

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing