Rossiya Belarusni urushga tortmoqchi – Zelenskiy
Olam
−
15 may 1211 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Belarusni Moskva tomonida turib harbiy harakatlarga yanada faolroq jalb qilish uchun yangi sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi, Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi, Tashqi razvedka xizmati va Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari Rossiya va Aleksandr Lukashenko o‘rtasida qo‘shimcha aloqalarni qayd etmoqda, ulardan maqsad – Minskni yangi agressiv operatsiyalarga qo‘shilishga ko‘ndirish.
“Xususan, Rossiya Belarus hududidan janubiy va shimoliy yo‘nalishlarda – yo Ukrainaning Chernigov-Kiyev yo‘nalishiga qarshi, yoki NATO mamlakatlaridan biriga qarshi operatsiyalar rejasini aynan Belarus hududidan turib amalga oshirishni ko‘rib chiqmoqda”, deydi Zelenskiy.
Shuningdek, u Kiyev ixtiyorida mazkur masalalar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan muzokaralarning tafsilotlari mavjudligini qayd etgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Lukashenko “xatoga yo‘l qo‘yib, Rossiyaning ushbu niyatini ham qo‘llab-quvvatlashga qaror qilsa”, Ukraina o‘zini himoya qiladi.
“Mudofaa va xavfsizlik kuchlarimizga tegishli yo‘nalishni kuchaytirish va Oliy bosh qo‘mondonlik stavkasida ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadigan javob choralari rejasini taqdim etish bo‘yicha topshiriq berdim”, deydi Ukraina rahbari.
Joriy yilning aprel oyidayoq Zelenskiy va Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dez’informatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenko Rossiya Belarusni urushga tortishga harakat qilishi haqida ogohlantirgan. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Minsk allaqachon Ukraina hududiga olib boruvchi yo‘llarni rivojlantirmoqda va artilleriya pozitsiyalarini jihozlamoqda.
Bundan avval Ukraina Prezidenti Rossiya Belarus hududida uzoq masofali dronlarni boshqarish uchun bazalar tashkil etishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi Aloqa boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Ignat esa rossiyaliklar o‘zlarining zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari parvozi uchun Belarus havo hududidan foydalanayotganini bildirgan edi.
Lukashenkoning o‘zi esa aprel oyi boshida Belarus Respublikasi Qurolli kuchlarining kompleks tekshiruvi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakat “urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini” va “hech qanday tinchlik davri bo‘lishi mumkin emasligini” aytgan. U ushbu tekshiruvni “hech qachon bo‘lmagan keng ko‘lamli va qattiq” deb atagan.
“Biz urushga mutlaqo qarshimiz. Biz urushni xohlamaymiz, lekin armiya aynan shuning uchun mo‘ljallangan. Agar to‘satdan kimdir biz bilan qurol nishoni orqali gaplashishga va bizga qarashga qaror qilsa, biz javob beramiz”, deydi Lukashenko.
U topshiriqlar darajasi va ularning bajarilish sur’ati “geosiyosiy vaziyatning jiddiyligi, Belarus chegaralariga bevosita yaqin joydagi voqealar va tahdidlar” bilan bog‘liqligini tushuntirgan.
Live
Barchasi