Rossiya Belarusda o‘z harbiy qudratini ko‘z-ko‘z qilib G‘arbni ogohlantirmoqchi

Olam

image
AQSH Rossiyaga shantaj qilyapti – Ryabkov north_east

AQSH Rossiyaga shantaj qilyapti – Ryabkov

Ehtimoliy urush xavfi ortib borishi natijasida Rossiya Belarusda 10 kunlik harbiy mashg‘ulot o‘tkazmoqchi. Ekspertlarga ko‘ra, Moskva shu yo‘l bilan G‘arb va Ukrainaga o‘z qudratini namoyon qilib, ularga jiddiy ogohlantirish bermoqchi. 

Yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarni yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.

Shuningdek, S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.

NATO ushbu harakatlarni Sovuq urush davridan buyon Belarus hududiga eng katta qo‘shin kiritish deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab qo‘shin joylashtirilgan. 

Ma’lum qilinishicha, Belarus hududiga joylashtirilgan Rossiya harbiylari ishtirokidagi mashg‘ulotlarning “faol bosqichi” ertaga, 10 fevraldan boshlanadi. 

Quruqlik qo‘shinlari va havo qiruvchi samoloyotlari ishtirokidagi mashg‘ulotlar Belarusning NATOga a’zo Yevropa davlatlari bilan chegara hududida o‘tkaziladi.

AQSH va NATOga ko‘ra, ushbu harbiy harakatlar Rossiya agressiyasining yaqqol ramzi bo‘lib, urushga tayyorgarlik va Belarus chegarasidan 150 km uzoqlikda joylashgan Kiyevni bosib olishga urinishdir.  

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan. 

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Sharqiy Yevropada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun AQSH ham rasman o‘z harbiylarini Polshaga kiritgan edi. Pentagon rasmiy vakili Jon Kerbining bildirishicha, AQSH NATOga a’zo Yevropa davlatlari hisoblangan Ruminiya, Polsha va Germaniyaga 8,5 ming qo‘shin kiritadi.

Bundan tashqari, kecha 8 fevral kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ham Polsha hududiga Qirollik dengiz piyodalarining 3-maxsus kuchlari brigadasidagi batalondan 350 nafar askarni yuborishi haqida ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

260

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing