Rossiya “Azovstal”dagi qancha ukraina askari taslim bo‘lganini ochiqladi
Olam
−
19 may 2022
14197So‘ngi 24 soat ichida Ukrainaning “Azov” batalonining 771 nafar jangchisi rus harbiylariga taslim bo‘ldi. Bu haqda RBK nashri Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib yozmoqda.
Vazirlikning rasmiy vakili Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, 16 maydan buyon 1730 nafar jangchi taslim bo‘lgan, ulardan 80 nafari yarador.
“Donetsk Xalq Respublikasining Novoazovsk va Donetskdagi tibbiyot muassasalarida statsionar davolanishga muhtoj bo‘lganlarning barchasiga yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Avvalroq DXR rahbari Denis Pushilin Mariupoldagi “Azovstal” metallurgiya zavodida blokirovka qilingan ukrainalik harbiylarning yarmidan ko‘pi hududni tark etganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 19 aprel kuni tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi (DXR) xalq militsiyasining harbiy guruhlari Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududiga hujum boshlagandi.
Keyinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Azovstal”ga hujumni to‘xtatishni va uni qurshab olishni buyurgandi. Biroq shundan keyin ham zavodga hujumlar amalga oshirildi.
Joriy oy boshida esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Mariupol shahridagi “Azovstal” zavodidan Rossiya qo‘shinlari tomonidan bloklab qo‘yilgan 500 ga yaqin odam evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi.
Joriy yilning 16 may kuni kechqurun Ukraina rasmiylari zavodni 264 nafar harbiy tark etgani haqida xabar berdi. Ukraina Qurolli Kuchlari qo‘mondonligi sodir bo‘layotgan voqeani “qutqaruv operatsiyasi” deb atadi va tez orada "Azovstal" harbiylari almashinishini ta’kidladi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi