Rossiya armiyasi Ukrainani bosib olishga qodir emas – Kiyev Putinga murojaat qildi
Olam
−
26 yanvar 2022
24911Ukrainani bosib olish uchun Rossiya qo‘shinlari son va shaylik jihatidan yetarli darajada emas. Bu haqda, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Ushbu so‘zlarni u o‘zining rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrovning “G‘arb agressiyani davom ettiradigan bo‘lsa, Moskva jiddiy choralar ko‘rishi” haqidagi bayonotiga javoban e’lon qilgan.
Kulebaning bildirishicha, Rossiya 2014 yilda sodir bo‘lgan Qrim anneksiyasi kabi Ukrainaga xohlagan paytda hujumni boshlashi mumkin.
“Ukraina chegarasi va bosib olingan hududlarda to‘plangan Rossiya qo‘shinlarining soni ko‘p, bu xavf tug‘diradi, albatta – buni Ukraina uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid o‘laroq baholaymiz”, degan vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, chegaradagi Rossiya qo‘shinlari Ukrainani bosib olishga qodir emas.
“Ammo, biz aytganimizdek, bu askarlar soni butun Ukraina chegarasi bo‘ylab to‘liq miqyosli hujum uyushtirish uchun yetarli emas. Bundan tashqari, ularda shu darajada keng ko‘lamli hujumni amalga oshirish uchun muhim harbiy indikator va tizimlar mavjud emas. Biz kerak bo‘lsa, kuniga 100 marta takrorlashimiz mumkin, hujum ehtimoli aniq, ammo bu bizning chegaradagi shayligimizga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Kubelo.
So‘nggi kunlarda chegaradagi vaziyat jiddiylashib borayotgani ortidan, Ukraina Rossiyani hujumga tayyorlanayotganlikda va mamlakatdagi barqarorlikni izidan chiqarishga urinishda ayblab kelmoqda.
O‘z navbatida Moskva esa, hujum uyushtirish ehtimoli haqidagi bayonotlarni inkor etib, Rossiya hech kim uchun xavf-xatar tug‘dirmasligini bildirgan.
“Biz Ukraina bo‘ylab vaziyat muvozanatdan chiqib ketayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, bunday bo‘lishi aniq edi. Bunga vahima uyg‘otish, Ukraina moliya tizimiga bosib o‘tkazish va ketma-ket uyushtirilayotgan kiber hujumlar orqali erishilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Ukraina rasmiysi.
Bundan tashqari, diplomat intervyu davomida Rossiya Prezidentini Ukrainadagi vaziyatni izdan chiqarishda aybdor deya atagan.
“Prezident (Vladimir) Putin ushbu rejalar muvaffaqiyatli amalga oshayotganidan xursandligiga aminman. Rejalari ish berayotgani ortida u endi Ukarainani zaif ahvolga solib qo‘yish uchun harbiy kuchlarni safarbar qilishi ham shart emas”, degan diplomat.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi qaltis vaziyatga realistik yondashib, nazoratni yo‘qotmaslik muhim.
Behruz Saidov
LiveBarchasi