Rossiya Armaniston va Turkiyani yarashtirishga tayyor – Zaxarova

Olam

image

Moskva Anqara va Yerevanning munosabatlarni normallashtirishga intilishini olqishlaydi va mintaqadagi vaziyatni yaxshilash manfaati yo‘lida bu jarayonga yordam berishga tayyor. Bu haqda bugun, 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qilgan. 

“Armaniston-Turkiya munosabatlarini normallashtirish mintaqadagi umumiy vaziyatni yaxshilashga va albatta, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida sog‘lom ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz Anqara va Yerevanning yaqinda normallashtirish muammolarini muhokama qilish uchun ikki tomonlama muloqotni boshlash istagini olqishlaymiz. Ushbu maqsadlar uchun ular tomonidan maxsus vakillarning tayinlanishi ushbu intilishning rivojlanishida mantiqiy va oqilona qadamdir. O‘z navbatida, biz bu jarayonga har tomonlama yordam berishga tayyormiz”, deydi u. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 13 dekabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu parlamentdagi chiqishida Turkiya va Armaniston munosabatlarni normallashtirish choralarini muhokama qilish uchun maxsus vakillarni tayinlashi haqida gapirgan edi. 

TIV rahbari, shuningdek, Yerevan konstruktiv pozitsiyaga amal qilgan taqdirda, Armaniston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish imkoniyatini ham inkor etmagandi. 

Shu bilan birga, u Anqara Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha Baku bilan kelishilgan holda harakat qilishini ta’kidladi. 

Armaniston ham Turkiya bilan muloqot uchun maxsus vakil tayinlashini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning “turklar bilan adovat" siyosati bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qilgandi. 

“Men yana dushmanlik to‘g‘risida gapirmoqchiman. Bu mavzuni kim qasddan kun tartibiga chiqardi bilmayman. “Biz turklar bilan dushmanmizmi?”, degan savol o‘ylab topishdi. Albatta, biz turklar bilan dushmanmiz, ammo bu kimdir aytayotgani uchun emas. Ammo bu dushmanlik boshqariluvchi bo‘lishi kerak”, degan Pashinyan.

Bosh vazir mintaqaviy raqobatchilik boshqarib bo‘lmas ahvolga kelishiga yo‘l qo‘ymasligini, kelajak avlodga tinch va barqaror mintaqani qoldirish niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Hozirda Turkiya va Armaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara 1993 yildan buyon yopiq.

Davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga Anqara Ozarbayjonning Qorabog‘ muammosidagi pozitsiyasini qo‘llab quvvatlashi va Armanistonning 1915 yilda Usmonli imperiyasida yuz bergan etnik mojaroga genotsid tusini berishga urinishi sabab bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Armaniston

Baholaganlar

73

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing