Rossiya Apple’ni millionlab dollar jarimaga tortdi
Texnologiya
−
27 aprel 2021
9694Rossiyaning Monopoliyaga qarshi federal xizmati Apple kompaniyasini bozordagi hukmronlikni suiiste’mol qilganligi uchun jarimaga tortdi. Bu haqda “Interfaks” yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, jarima miqdori 12 million AQSH dollaridan ortiq summani tashkil etadi. Jarima to‘g‘risidagi qaror kompaniyaning tovar aylanmasidan kelib chiqqan holda 26 aprel kuni belgilangan.
Ma’lumot uchun 2019 yilda Rossiyaning monopoliyaga qarshi xizmati Amerika kompaniyasi tomonidan Kasperskiy laboratoriyasining Kaspersky Safe Kids (KSK) – ota-ona nazorati dasturining versiyalarini asossiz ravishda rad etilgani uchun Apple kompaniyasiga qarshi ish qo‘zg‘agan.
2020 yil avgust oyida ushbu holat ko‘rib chiqilgandan so‘ng, Rossiyaning monopoliyaga qarshi xizmati Apple iOS qurilmalari uchun mobil ilovalar bozorida raqobatni cheklayotgani hamda ota-ona nazorati mobil ilovalarini ishlab chiquvchilariga nisbatan o‘zining ustun mavqeini suiiste’mol qilganligini aytdi.
O‘tgan yilning 28 avgustida monopoliyaga qarshi xizmat Apple kompaniyasiga 2020 yilning 30 noyabriga qadar iOS operatsion tizimida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun dasturlar bozoridagi raqobatni cheklovchi qoidabuzarliklarni bartaraf etishni buyurgandi.
O‘z o‘rnida Apple kompaniyasi ushbu holat bo‘yicha monopoliyaga qarshi xizmatning qaroridan norozi ekani va bu bo‘yicha sudga shikoyat qilishni davom ettirishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi