Rossiya AQSH sanksiyalariga muqarrar javob berishni va’da qildi
Olam
−
16 aprel 2021
6059Moskvaning AQSH sanksiyalariga munosabati muqarrar va u yaqin kelajakda ma’lum bo‘ladi. Bu haqda kecha, 15 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifing paytida aytib o‘tdi.
“Bizning javobimiz muqarrar, u ishlab chiqiladi. Yaqin kelajakda u haqida bilib olasiz. Hozirda bizning mutaxassislarimiz uni tayyorlashda bevosita ishtirok etmoqda. Bu tajovuzkor xatti-harakatlarga, albatta, qat’iy javob beriladi”, deydi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalari ikki tomonlama munosabatlarda xavfli qarama-qarshilik darajasini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH elchisi “og‘ir suhbat” uchun Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgandi.
AQSHning Rossiyaga qo‘ygan yangi sanksiyalari
Kecha, 15 aprel kuni AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi. Shunday qilib, 2021 yilning 14 iyunidan boshlab Amerika moliya institutlariga Rossiya Markaziy banki va Moliya vazirligi, shuningdek, Milliy farovonlik fondidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzdorlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olish taqiqlandi.
Vashington, shuningdek, “Rossiya razvedka xizmatlarining kiber dasturini qo‘llab-quvvatlovchi” mamlakatning oltita texnologik kompaniyasiga cheklovlar kiritdi.
Bundan tashqari, AQSH prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bilan aloqador, deb taxmin qilingan 16 ta tashkilot va 16 nafar shaxsga qarshi sanksiyalar joriy qilingan.
Ularning orasida, allaqachon, AQSHning “qora ro‘yxat”iga tushib ulgurgan, Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Gromov va “Putinning oshpazi” laqabi bilan mashhur bo‘lgan tadbirkor Yevgeniy Prigojinning kompaniyasi bor.
Shuningdek, Kerchen ko‘prigi (Rossiya bilan Qrim yarimorolini bog‘lab turuvchi ko‘prik – tahr.) qurilishining ishtirokchilari bo‘lgan uchta tashkilot va besh nafar rossiyalikka nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan.
LiveBarchasi