Rossiya Afrikaning olti davlatiga 200 ming tonna donni tekinga yetkazib berganini e’lon qildi
Olam
−
21 fevral 2024
4962Rossiya Afrikaning olti davlatiga 200 ming tonna bug‘doyni gumanitar yordam sifatida yetkazib berdi. Bu haqda kecha, 20 fevral kuni Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev Prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Vazirning aniqlik kiritishicha, Mali, Burkina-Faso, Zimbabve va Eritreyaga 25 ming tonnadan, Somali va Markaziy Afrika Respublikasiga 50 ming tonnadan don yetkazib berilgan.
"Qishloq xo‘jaligi vazirligi "Birlashgan don kompaniyasi" bilan birgalikda Tashqi ishlar vazirligi va Transport vazirligining yordami bilan Afrika qit’asining oltita eng qashshoq davlatiga bug‘doy yetkazib berdi", deydi Patrushev.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, birinchi kema o‘tgan yilning 7 noyabrida jo‘nab ketgan, oxirgisi esa yanvar oyi oxirida Somaliga yetib borgan. Har bir kemaning manzilga yetib borishi uchun o‘rtacha hisobda taxminan 30-40 kun vaqt ketgan.
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib Rossiya va Afrika qit’asi mamlakatlari o‘z savdo aylanmasini kamida ikki barobarga oshirishi mumkin. Rasmiy Moskvaning rejasiga ko‘ra, olti yil ichida bu ko‘rsatkich 36 milliard dollarga yetishi kerak.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Rossiya Ukraina portlaridan don eksport qilish bo‘yicha kelishuvdan chiqishini e’lon qilgach, Putin Afrikaning oltita davlatiga don yetkazib berishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari Rossiyaning don bitimi bo‘yicha talablarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda. Rossiya va Ukraina 2022 yil iyul oyida Turkiya va BMT vositachiligida alohida don bitimi tuzgan. Bitimlarning bir qismi Ukrainadan g‘alla eksporti bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini eksport qilishdagi to‘siqlarni olib tashlash bilan bog‘liq edi. Rossiya kelishuvning ikkinchi qismi bajarilmayotganini bir necha bor ta’kidlagan. Moskva G‘arbni Ukrainadan g‘allani eng qashshoq mamlakatlarga emas, Yevropaga yetkazib berishda ham ayblagan. 2023 yil 18 iyulda Rossiya kelishuvdagi ishtirokini rasman yakunladi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi
Trenddagilar


