Rossiya Afrikaning 33 davlati bilan harbiy shartnoma imzoladi
Olam
−
09 noyabr
7415Rossiya Afrika mamlakatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha 33 ta hujjat imzoladi. Bu haqda bugun, 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi va Rossiya-Afrika formatidagi tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazish qo‘mitasining mas’ul kotibi Anton Kobyakov ma’lum qildi.
Kobyakovga ko‘ra, Rossiya uchun Afrika qit’asi mamlakatlariga xavfsizlik ta’minotchisi rolini bajarish amaliy va hayotiy zarurat hisoblanadi.
“Hozirgi kunda Rossiya Afrika qit’asidagi 33 davlat bilan muntazam harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha bitimlar imzoladi”, dedi Kobyakov Rossiya-Afrika hamkorlik forumi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Bildirilishicha, yaqin kunlarda Burundi davlatida Rossiya tomonidan inqirozni boshqarish markazi ochilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Rossiya 2030 yilga borib Afrika davlatlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mustaqil moliyaviy tizim yaratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Afrikaga mineral o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishni ko‘paytirish ham ko‘zda tutilgan. Shu asosda, Senegal va Tanzaniyada tez orada Rossiya savdo vakolatxonalari ochilishi kutilmoqda.
“Rossiya oziq-ovqat va agrotexnologiyalar bilan Afrikaga yordam ko‘rsatishga tayyor. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishni ko‘paytirish va agrar sohada ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda”, dedi Kobyakov.
Ma’lumot uchun, Rossiya-Afrika hamkorlik forumi 9-10 noyabr kunlari Sochidagi “Sirius” federal hududida bo‘lib o‘tmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, konferensiyada 54 ta delegatsiya va 45 ta vazir ishtirok etyapti.
LiveBarchasi