Rossiya hujumlari ortidan NATO Ukrainaga yordamini oshirmoqda
Olam
−
29 avgust
6707NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina ittifoqchilari Rossiyaning mamlakat hududiga yangi yirik hujumlari munosabati bilan harbiy yordamni kengaytirish niyatida ekanini e’lon qildi. Bu haqda Stoltenberg kecha, 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Ukraina mudofaasi uchun zaruriy shartdir.
“Bugun ittifoqchilar Ukrainaga harbiy yordamni oshirayotganliklarini tasdiqladi. Biz Kiyevga harbiy yuklarni ko‘paytirishni mamlakat mudofaasini ta’minlashning asosiy sharti deb hisoblaymiz”, deya ta’kidladi Stoltenberg.
Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishida jang maydonidagi voqealar va Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari muhokama qilingan. Alyans a’zolari Rossiyaning Ukraina tinch aholisi va infratuzilmalariga qarshi havo hujumlari kuchayganini keskin qoraladi .
Ma’lum bo‘lishicha, elchilar darajasidagi Kengash yig‘ilishi Kiyevning iltimosiga binoan chaqirilgan. NATO matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov kengashi yig‘ilishida video aloqa orqali qatnashgan va ittifoqchilarni xavfsizlik holati va o‘z mamlakatining ustuvor ehtiyojlari haqida xabardor qilgan.
“Tomonlar, jumladan, ular uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketalarni yetkazib berish masalasini muhokama qilishdi”, deb yozdi Umarov Facebook'dagi sahifasida.
Bundan tashqari, Kiyev hamkorlari bilan Ukrainaning g‘arbiy hududlari ustidan havo hujumidan mudofaa qalqoni yaratish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.
“Alyans Ukraina harbiy xizmatchilarining NATO o‘quv bazalarida o‘qitilishini nazorat qiladi, Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni rejalashtiradi va muvofiqlashtiradi, shuningdek, jihozlarni yetkazib berish va ta’mirlashni boshqaradi” , deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATO Harbiy qo‘mitasi joriy yilning 13-15 sentyabr kunlari Pragada Ukraina masalasi bo‘yicha bosh shtab boshliqlari yig‘ilishini o‘tkazishi xabar qilingandi.
Zebo Turobjonova