Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘ni minalardan tozalashni boshladi
Olam
−
24 noyabr 2020
5946Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarni minalardan tozalash ishlarini davom ettiryapti. Bu haqda “RIA Novosti” Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 23 noyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida tinchlikpavar kuchlari hududlarni minalardan tozalash ishlarini boshladi.
“Rossiya muhandislik bo‘linmalari tinchlikparvarlik kuzatuv punktlari va jamoat yo‘llari orqali harakatlanish marshrutida muhandislik razvedkasi va minalardan tozalash bo‘yicha vazifalarni bajaradi”, deyiladi xabarda.
Rossiya Mudofaa vazirligi topilgan o‘q-dorilar va portlovchi buyumlar poligonga olib borilib, o‘sha yerda portlatilishini ma’lum qildi. Evakuatsiya qilib bo‘lmaydigan o‘q-dorilar joyida yo‘q qilinadi.
“Portlovchi moddalarning mavjudligini aniqlash bo‘yicha hududlarni o‘rganish ishlarining bosqichlaridan biri bu Rossiya tinchlikparvar kuchlari xizmat qilishi uchun statsionar postlar quriladigan pozitsiyalarni o‘rganishdir”, deb xabar beradi Rossiya harbiy departamenti.
Qo‘shimcha qilinishicha, minalardan tozalashda ishtirok etayotgan harbiylar zamonaviy himoya sapyor kostyumlari bilan ta’minlangan va portlovchi moddalarni qidirishning zamonaviy vositalari bilan qurollangan.
Joriy yilning 27 sentyabrida Armaniston va Ozarbayjon bir-birini 1980 yillarning oxiridan beri davom etib kelayotgan mojaroni avj oldirishda aybladi. Ikkala tomon ham to‘liq yoki qisman safarbarlik e’lon qildi va janglar boshlandi. Bir yarim oy ichida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish uchun uchta muvaffaqiyatsiz urinishni amalga oshirdilar.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi