Rossiya hali barcha “ko‘prik”larni buzgani yo‘q – Zelenskiy ruslar bilan sulhdan umidvor

Olam 11639
image

Ukraina Prezidenti kecha, 6 may kuni Britaniyaning “Chatham House” tahlil markazi bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida Rossiya haligacha barcha diplomatik ko‘priklarni yoqib yubormaganini bildirib, tuzilishi mumkin bo‘lgan tinchlik sulhi haqida so‘z ochdi. Bu haqda “Sky news” va “Business insider” nashrlari xabar bermoqda.

Zelenskiy tinchlik kelishuviga rozi bo‘lishi uchun rus qo‘shinlari bosqin boshlanishidan oldin (2022 yil 23 fevral) turgan joyiga chekinishi kerakligini urg‘ulagan.

“Buning zaruriy sharti 23 fevraldagi vaziyatni tiklash bo‘ladi. Ular (rus harbiylari) chekinishi kerak. Shunday vaziyatda biz masalalarni odatdagidek muhokama qilishni boshlashimiz mumkin” deydi u.

Shuningdek, u so‘zi davomida hali-hanuz Rossiya bilan munosabatda “tinchlik ko‘priklari” mavjud ekanligini, avvalo, davlatlarning diplomatlari tinchlik o‘rnatilishiga kelishishlari lozimligini ta’kidlagan.   

“Ammo buning uchun diplomatlar zo‘ravonlikni to‘xtatishga rozi bo‘lishi lozim. [Rossiya] bizning ko‘plab ko‘priklarimizni vayron qilganiga qaramay, ko‘priklarning hammasi, ma’joziy ma’noda, hali buzilganicha yo‘q”, deydi Zelenskiy “tinchlik ko‘priklari”ga ishora qilib.

Prezident Putinni harbiy jinoyatlarda ayblagan Zelenskiy u bilan nima sodir bo‘lishiga ahamiyat bermasligini va Rossiya rahbari uning uchun hech narsani anglatmasligini qo‘shimcha qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, g‘alaba Ukraina hududi va uning xalqiga tegishlidir. U iqtisodni urushdan oldingi darajaga qaytarish, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish va ko‘chirilgan fuqarolarni o‘z Vataniga qaytarish istagida ekanini aytadi.

Sobiq aktyor Ukrainadagi vayronagarchilik va urushning keng ko‘lamli oqibatlarini G‘arb his qilishini istayotganini qo‘shimcha qiladi.

“Ular (G‘arb) bizning dardimizni his qilishlari kerak – bu ularni birlashtiradi va hech qanday Rossiya propagandasi ta’siri ostida qolmaydilar hamda ular bizga har tomonlama yordam beradilar”, deydi Zelenskiy suhbat davomida.

 

Sardor Begalov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 310
Reyting: 3
t
×