Rossiya haqidagi afsona yo‘q qilindi – Jonson Ukraina g‘alaba qilishini aytdi

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kecha, 3 may kuni Ukraina Oliy Radasi (parlamenti)ga videomurojaatida rasmiy Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Sobiq jurnalist videomurojaatda Ukraina Rossiyani mag‘lub etishiga va Kremlning bosqinchiligi bu “buyuk xato” ekanini isbotlashiga ishonishini bildirdi. O‘z navbatida, u ukrain xalqining “Putinning yengilmasligi haqidagi afsona”ni yo‘qqa chiqarishdagi jasoratini olqishlagan. Jonson shu yil 24 fevraldan, ya’ni Rossiya bosqini boshlanganidan buyon rasmiy ravishda Ukraina parlamentiga murojaat qilgan birinchi G‘arb yetakchisiga aylandi.

Jonson Ukraina madhiyasi yangrashi boshlagach, o‘rnidan turib, Oliy Rada qonun chiqaruvchilariga quyidagi jumlalarni yetkazdi: 

“Bugun sizlarga bir xabarim bor: Ukraina g‘alaba qozonadi, Ukraina ozod bo‘lajak.”

Shuningdek, Bosh vazir 1940 yilda Uinston Cherchill Britaniya fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olinishi va mag‘lub bo‘lish xavfiga duch kelganida aytgan so‘zlarini takrorlab: “Bu Ukrainaning eng yaxshi onlari, u avlodlar uchun eslab qolinadi”, degan.

Jonson Ukrainaga qarshi olib borilayotgan, Putin “maxsus operatsiya” deb atagan bosqinga qarshilik ko‘rsatish harakatlarining old qatorlaridan o‘rin olgan. Bosh vazir rasmiy Kiyevga elektron urush uskunalari va batareyaga qarshi radar tizimini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha 300 million funt (375 million AQSH dollari) harbiy yordamni e’lon qildi.

“Biz Ukrainani boshqa do‘stlaringiz bilan birga toki biz uzoq muddatli maqsadimizga yetgunimizcha qurol-yaroq, moliyalashtirish va gumanitar yordam bilan ta’minlashda davom etamiz, shunda hech kim sizga boshqa hujum qilishga jur’at eta olmaydi.” deydi Britaniya Bosh vaziri.

 

Sardor Begalov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

443

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing