Rospotrebnadzor ko‘rshapalaklardagi koronaviruslarni tekshirishni boshladi
Olam
−
25 avgust 2020
7271Rossiya iste’molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish sohasini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati (Rospotrebnadzor) ko‘rshapalaklarda koronavirus bor yoki yo‘qligini tekshirishni boshladi. Tekshiruvlar Rossiyaning turli hududlarida yashovchi ko‘rshapalaklarda olib boriladi. Bu koronavirusning tarqalish yo‘llari va epidemiologik xavf darajasini aniqlash imkonini beradi, deb ishonilmoqda.
Qayd etilishicha, Rospotrebnadzorning Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari Rossiyaning turli hududlarida: Moskva shahri va Moskva viloyatida, Markaziy-Chernozyom mintaqasi va Janubiy federal okrugida (Voronej va Volgograd viloyatlari, Krasnodar o‘lkasi) yashovchi ko‘rshapalaklarda koronaviruslar bor-yo‘qligini bilish bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bormoqda.
Tashkilot ko‘rshapalaklar turlarida koronaviruslar uchrashini baholash, ularda topilgan viruslarning hozirgacha ma’lum bo‘lgan viruslar bilan yaqinligi darajasini aniqlash hamda hayvonlar bo‘luvchi koronaviruslarning biologik xilma-xilligi haqida ma’lumotlar olishni rejalashtirgan. Shuningdek, ko‘rshapalaklar harakatlanishi xaritasini tahlil qilish va viruslarning tarqalish yo‘llarini baholash maqsad qilingan. Tadqiqot olimlarga ehtimoliy epidemik xatarlarni aniq va batafsilroq baholash imkonini beradi.
Olimlar Moskva, Voronej va Volgograd viloyatlari, Qora dengiz sohillarida uchraydigan ko‘rshapalaklardan ko‘pgina biologik namunalar olgan. Namuna olingach, jonivorlar qo‘yib yuborilgan. Hammasi bo‘lib 1,5 mingtadan ko‘proq ko‘rshapalakni o‘rganish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish 2019 yilning oxirida Xitoyda boshlandi. Virusning tarqalish o‘chog‘i Uxan shahridagi yovvoyi hayvonlar sotiladigan mahalliy bozor bo‘lgani taxmin qilinib kelinadi. Ammo hozirgacha buning aniq isboti yo‘q va koronavirus manbasi hali topilmagan. JSST taxminiga ko‘ra, koronavirus odamlarga hayvonlardan yuqqan va virusning dastlabki manbasi ko‘rshapalaklar bo‘lgan.
LiveBarchasi