Ronaldu O‘zbekistonga kelishi mumkin
Sport
−
16:47 1671 3 daqiqa
OFK Elit Chempionlar ligasida ishtirok etadigan O‘zbekiston klublarining raqiblari ma’lum bo‘ldi. Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi “Al-Nasr” “Neftchi” va “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishi aniq. Bu haqda futbol eksperti Alisher Nikimbayev ma’lum qildi.
Futbol eksperti Alisher Nikimbayevning aytishicha, qur’adagi A, B, C va D belgilar savatlarni emas, jamoalar joylashtiriladigan ustunlarni anglatadi.
Qur’a natijasida har bir jamoa 1-, 2-, 3- va 4-savatlardan ikkitadan raqib bilan uchrashadi. Har bir klub jami 8 ta o‘yin o‘tkazadi 4 tasi uyda, 4 tasi safarda.
“OFK reytingda birinchi o‘rinda turgan Saudiya Arabistoni klublarini ikkinchi va uchinchi o‘rindagi mamlakatlar – BAA va Qatar klublaridan turli ustunlarga ajratishga qaror qilgan. Amalda bu Saudiya Arabistoni klublari BAA va Qatar jamoalari bilan albatta o‘ynashini anglatadi.
Masalan, 2-savat qur’asida “Al-Nasr” “Al-Ayn” yoki “Al-Sadd” bilan bir ustunga tusha olmaydi. Xuddi shuningdek, “Shabab Al-Ahli” ham “Al-Ahli” Jidda bilan bir ustunga tushmaydi. Shu sababli “Neftchi”ning ham ustun tanlash imkoniyati cheklanadi. U to‘rtta emas, faqat ikkita ustundan birini tanlay oladi. Bu – 1-savatdan “Al-Sadd” va “Al-Ayn” tushgan ustunlar bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur ikki ustun yonma-yon joylashishi mumkin emas. Bu bir mamlakat klublarining o‘zaro to‘qnash kelib qolishining oldini oladi”, deydi Nikimbayev.
Mutaxassisning fikricha, O‘zbekistonning “Neftchi” va “Paxtakor” klublarining qur’adagi raqiblari aniq va ular orasida Krishtianu Ronaldu to‘p tepadigan Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasi bo‘ladi.
“Umuman olganda, O‘zbekiston klublari guruh bosqichida Qatar va BAA jamoalari bilan o‘ynamaydi. Ular Saudiya Arabistonining barcha besh klubi, shuningdek, Eron va Iroq jamoalari bilan uchrashadi.
Shuning uchun O‘zbekiston klublarining guruh bosqichidagi barcha raqiblari oldindan ma’lum. Qur’a faqat qaysi raqib bilan uyda, qaysi biri bilan safarda o‘ynashni aniqlab beradi. Keyin kompyuter dasturi ushbu uchrashuvlarni turlar va sanalar bo‘yicha taqsimlaydi”, deydi Nikimbayev.
“Al-Nasr” 2-savatdan joy olgan, “Neftchi” ham aynan shu savatda, “Paxtakor” esa 4-savatda ishtirok etadi. Nikimbayev keltirgan taqsimotga ko‘ra, O‘zbekiston klublarining raqiblari quyidagicha:
- 1-savat:
- “Al-Ahli”
- “Istiqlol”
- 2-savat:
- “Eyr Fors”
- “Al-Nasr”
- 3-savat:
- “Traktor”
- “Al-Hilol”
- 4-savat:
- “Al-Qodisiya”
- “Al-Ittihod”
Shunday qilib, Krishtianu Ronalduning “Al-Nasr”i O‘zbekiston klublariga qarshi maydonga tushadi. Qur’a esa bu uchrashuvlarning qaysi biri Toshkent yoki Farg‘onada, qaysi biri raqib maydonida o‘tkazilishini aniqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” 11 avgust kuni “Al-Husayn”ni 3:0 hisobida mag‘lub etib, Elit chempionlar ligasi bosqichga yo‘l olgandi. Shu tariqa, endilikda ilk bor ushbu turnirda O‘zbekistonning ikki klubi ishtirok etadi.
Live
Barchasi