Ronaldu oldindagi asosiy maqsadini aytdi
Sport
−
09:51 477 2 daqiqa
Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi, besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronaldu faoliyatida 1000 ta gol urishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini aytdi. Biroq portugaliyalik futbolchi bu maqsadga berilib ketmaganini ta’kidladi.
“1000 ta gol urmoqchimanmi? Ha, men bunga erishishni xohlayman va erishaman ham. Lekin bu maqsadga berilib ketmaganman. Men hech qachon hech narsaga berilib ketmaganman, chunki narsalar vasvasaga aylanib qolsa, ular biz xohlagandek kechmasligi mumkin. Hozir mening ikkita vazifam bor: Millatlar ligasida g‘alaba qozonish va 1000 ta gol urish marrasiga yetish”, deydi Ronaldu.
Ronaldu Portugaliya terma jamoasining Millatlar ligasidagi navbatdagi uchrashuvlariga ham chaqirilgan. Portugaliya o‘z maydonida joriy yilning 24 sentyabr kuni Uels, 4 oktyabr kuni Norvegiya bilan, safarda esa 27 sentyabr kuni Norvegiya va 1 oktyabr kuni Daniyaga qarshi maydonga tushadi.
41 yoshli Ronaldu besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va ikki karra Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. U terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi hamda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu 2022 yil dekabr oyidan buyon “Al-Nasr” safida to‘p tepmoqda. Futbolchi faoliyati davomida 979 ta gol urgan. Shundan 146 tasi Portugaliya terma jamoasi, 833 tasi esa klublar safida qayd etilgan. Shu tariqa, Ronalduning 1000 ta gol marrasiga yetishi uchun yana 21 ta gol qolgan.
Live
Barchasi