Ronaldu futbol tarixidagi birinchi milliarderga aylandi
Sport
−
08 Oktabr 10651 2 daqiqa
Krishtianu Ronaldu o‘zining afsonaviy faoliyatiga yana bir rekordni qo‘shdi. Portugaliyalik yulduzning boyligi 1,4 milliard dollar deb baholandi va u shu tariqa futbol tarixidagi birinchi milliarder sifatida qayd etildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Ronalduning boyligi ilk bor indeksga kiritildi va u uzoq yillik raqibi Lionel Messidan o‘tib, sport olamining eng daromadli sportchisi sifatidagi maqomini mustahkamladi.
Yillar davomida Ronalduning boyligi katta maoshlar, reklama shartnomalari va shaxsiy biznes loyihalaridan shakllangan. Uning Yevropadagi o‘yinchi sifatidagi daromadi Messiniki bilan o‘xshash bo‘lgan bo‘lsa-da, 2023 yilda Saudiya Arabistonining “Al Nasr” klubi bilan shartnoma imzolagani vaziyatni tubdan o‘zgartirdi.
Mazkur kelishuv Ronalduga yiliga 200 million dollarlik maosh va bonuslarni, shuningdek, 30 million dollarlik shartnoma imzolagani uchun mukofotini o‘z ichiga olgan. “Bloomberg” hisob-kitobiga ko‘ra, Ronaldu 2002 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda 550 million dollardan ortiq maosh olgan.
Uning Nike bilan tuzilgan uzoq muddatli shartnomasi yiliga 18 million dollar daromad keltiradi. Shuningdek, Armani va Castrol kabi global brendlar bilan hamkorliklar uning umumiy boyligiga katta hissa qo‘shgan.
Maydon tashqarisida esa Ronaldu o‘zining CR7 brendi ostida mehmonxonalar, sport zallari va kiyim-kechak liniyasini o‘z ichiga olgan biznes imperiyasini barpo etgan. U, shuningdek, Portugaliyadagi eng qimmatbaho ko‘chmas mulklardan biriga Quinta da Marinha golf kurortidagi 20 million yevroga baholangan uyga egalik qiladi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu ijtimoiy tarmoqlarda ham yetakchi hisoblanadi. U Instagram'da 660 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lib, futbolchi dunyodagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega shaxs hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronaldu Portugal Football Globes tantanali marosimida Prestij mukofoti bilan taqdirlangan edi.