Ronaldu faoliyatini qayerda davom ettirishini aytdi
Sport
−
09 iyun
24825Portugaliyalik 40 yoshli hujumchi Krishtianu Ronaldu kelajakda qayerda o‘ynashi borasidagi savollarga javob berib, Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida qolishni rejalashtirayotganini va jamoa bilan yangi shartnoma imzolashga tayyor ekanini aytdi. Bu haqda u kecha, 8 iyun kuni Ispaniyaga qarshi Millatlar ligasi finalidan keyin ma’lum qildi.
“Kelajagim nima bo‘ladi? Aslida, hech narsa o‘zgarmaydi. “Al-Nasr”da qolamanmi? Ha”, degan Ronaldu.
Ma’lumot uchun, kecha, 8 iyun kuni Portugaliya Ispaniyaga qarshi Millatlar ligasi finalida o‘ynab, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. O‘yinda Ronaldu 1 ta gol urdi. Shu tariqa portugallar 2-marta ushbu turnir g‘olibiga aylandi.
Qayd etish joiz, portugaliyalik hujumchining “Al-Nasr” bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning iyunigacha tuzilgan. Biroq may oyida “Marca” nashri Ronaldu yozda klubni tark etishi mumkinligi haqida xabar bergan. Nashrga ko‘ra, “Al-Nasr” rahbariyati Ronalduning jamoaning so‘nggi muvaffaqiyatsizliklariga nisbatan g‘azab bilan javob berganidan norozi bo‘lgan.
May oxirida esa Ronalduning o‘zi ham klubdan ketishi mumkinligiga ishora qilgandi. Saudiya chempionatining so‘nggi turidan keyin u Instagram sahifasida “Bu bob yakunlandi. Tarix esa yozilmoqda. Hammadan minnatdorman”, deb yozgan edi.
40 yoshli Ronaldu 2023 yildan buyon “Al-Nasr” sharafini himoya qilmoqda, biroq u bilan klub hozircha biror muhim sovrinni qo‘lga kiritmagan. Joriy mavsumda u 41 o‘yinda maydonga tushib, 35 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
LiveBarchasi