Ronaldu “Al Nasr” safida o‘ynashdan bosh tortdi
Sport
−
02 fevral 2525 1 daqiqa
Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu “Al Nasr”ning bugun, 2 fevral kungi “Al-Riyod”ga qarshi uchrashuvida maydonga tushishdan bosh tortdi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, futbolchining bu qarori Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF)ning klubga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq. Romano Ronalduning mazkur o‘yinda qatnashmasligi hech qanday jismoniy muammo, yuklama yoki sport formasi bilan bog‘liq emasligini bildirgan.
Keyinchalik Portugaliyaning “A Bola” nashri “Al Nasr”ga yaqin manbaga tayanib, Ronaldu PIF’ning klubga bo‘lgan munosabatidan, ayniqsa jamg‘arma tomonidan boshqariladigan raqib jamoalarga nisbatan ko‘rsatilayotgan e’tibordan norozi ekani sababli o‘ynashdan bosh tortganini ma’lum qildi.
Xususan, liga peshqadami “Al Hilol” klubi Ronaldu jamoasidan farqli ravishda mazkur klub qishki transfer oynasida yana katta miqdorda mablag‘ ajratilishiga erishgan.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni chempionatida 17 ta gol bilan to‘purarlik poygasida ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Al Nasr” esa 43 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Jamoaning “Al Ahli” bilan ochkolari teng bo‘lib, peshqadam “Al Hilol”dan 3 ochkoga ortda qolmoqda.