“Robbim, rozi bo‘lgin “mardkor” bolamdan”. Aqto‘be fojiasiga 3 yil to‘ldi

Tahlil

image

Oh bolam, sen uchun nonlar yopolmam, 
Olovda ko‘rinar kulgan surating. 
Ketmasang bo‘lardi olis yurtlarga, 
Yerda qolmas edi qora mehnating.

2018 yil 18 yanvar. Yerdan qorning oqi ketmagan. Qahraton qish. -40 daraja sovuq. Qozog‘istonning yo‘llari muzlagan Aqto‘be oblastida “Setra” avtobusi 50 kilometr soat tezlik bilan harakatlanib borardi. Afsuski, kimsasiz yo‘lning bir qismida Rossiyaga yo‘l olgan avtobus falokatga uchradi. Avtobus manziliga yetib bormay, Aqto‘be oblastining Irg‘iz tumaniga yetganida yonib ketdi. Rossiya tomon otlangan ushbu ulovda 55 nafar o‘zbekistonlik bor edi. Ulardan 52 nafari halok bo‘ldi. Manzil va maqsadlar kulga aylanib, o‘sha yerda qolib ketdi. Vaqtning o‘tishini qarang, mana shu fojiaga ham roppa-rosa uch yil bo‘libdi. Biroq, bu kun ko‘plab oilalarning hotirasida xuddi kecha yuz bergandek saqlanib qolgan.

Avtobusda yong‘in chiqishiga nima sabab bo‘lgandi?

Aniqlanishicha, 52 nafar o‘zbekistonlik bilan yonib ketgan “Setra” avtobusi 2,5 yildan buyon texnik ko‘rikdan o‘tmagan bo‘lgan. Shuningdek, avtobus egasi Orduxan Mextiyevda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya bo‘lmagan. 

Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev avtobusning yonib ketishiga kavshar lampa sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. 

“Avtobusning dvigateli o‘chib qolgani va mashina ichi sovuq bo‘lgani sabab ushbu kavshar lampadan isitgich sifatida foydalanilgan. U ikki soatga yaqin ishlagan va tabiiyki gaz-benzinli aralashma butun salonni egallagan. Tasodifan benzin to‘kib yuborilganida esa yong‘in yuzaga kelgan”, degan Turgumbayev.

Ushbu versiya omon qolganlarning ko‘rsatmasi asosida tasdiqlangan. 

“Avtobusning ichi juda sovib ketgandi. Shuning uchun hamrohlarimiz salonni kavshar lampa bilan isitardi. Yong‘in chiqqan paytda men uyquda bo‘lganman. Avtobusda besh litrli kanistrda benzin bo‘lgan. Uning og‘zi ochiq bo‘lgan. O‘sha kanistrdagi benzin yonib ketgach, butun avtobus olov ichida qolgan”, degan edi o‘sha fojiali kunda omon qolgan o‘zbekistonlik yo‘lovchi Ahror Isoqov.

Shavkat Mirziyoyev Aqto‘be fojiasi haqida

“Aqto‘beda bo‘lgan falokat ham ko‘p narsadan dalolat beradi. Xalqimiz oldida hali juda-juda qarzimiz ko‘p. Odamlarimizga sharoit yaratmaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib, ish qidirib yurganlari, bu albatta, davlatchilik, davlat rahbariyati nuqtai nazaridan, hamma tizimdagi rahbarlarga bu – eng katta xato va kamchiliklarimizni o‘z vaqtida hal qilmaganimizdan dalolat. Shuning uchun ular begona yurtlarda sarson-sargardon. Bechora, ularning ham umidi bor edi, ne niyatlar bilan bolamni boqaman, otamga bir so‘m olib kelaman, deb mana... Yosh-yosh yigitlar deyishyapti... Hammasi o‘zbekistonliklar... Albatta, juda katta qayg‘udamiz, ota-onalarga hamdardlik yubordik”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Aqto‘be fojiasi bo‘yicha sud hukmi

O‘sha ma’shum voqea yuz berganidan so‘ng, bir necha oylar o‘tdi. Aqto‘be sudi uch nafar avtobus haydovchisi va ishga aloqador yana ikki kishiga hukm ham chiqardi. Unga ko‘ra, haydovchilar 5 yilga, transport kompaniyasi ta’sischisi va mexanigi esa 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, sud sudlanuvchilar tomonidan halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlikning oila a’zolariga 2 million tenge miqdorida tovon puli undirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Biroq, bu bilan ketganlarni qaytarib, ularning yaqinlarining ko‘nglini olib bo‘lmasdi.


Maqola muallifi

Teglar

Aqto'be 52

Baholaganlar

340

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing