Robaxon Mahmudova Mirziyoyev o‘rniga Prezident bo‘lsa nimalar qilmoqchiligi ochiqlandi
Olam
−
29 may 2023
23605Bugun, 29 may kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdan tashqari Qurultoyi o‘tkazildi. Qurultoy kun tartibidan O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda partiyadan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar o‘rin oldi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturi o‘nta yo‘nalishdan iborat.
Bular huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasining barqaror rivojini kafolatlash, aholi salomatligini kuchaytirish, jamiyat barqaror rivojlanishini ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitga e’tiborni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, ayol va oilaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, yuksak ma’naviyatli jamiyat barpo etish, tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, nomzod dasturidan inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi ustuvor vazifalar o‘rin olgan.
Nomzod saylovoldi dasturida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030” dasturini ishlab chiqish, shuningdek, “Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilish zarurati kabi takliflarni ilgari surgan.
Robaxon Mahmudovaning dasturida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham bugungi kunda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar xususida takliflar ilgari surilgan. Jumladan, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, sohani sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish hamda huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kabi bir qator takliflarini bergan.
Shuningdek, sanoat ishlab chiqarishining va, umuman, milliy iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanmish yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lsozlik sohasida bajarilayotgan ishlarning sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu sohada ilmiy tadqiqotlar yutuqlaridan keng foydalanish hamda olimlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham nomzodning dasturidan o‘rin olgan.
Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning davlat rivojlanishiga hissasi juda katta hisoblanadi. Shu sababli, nomzod Robaxon Mahmudova o‘z saylovoldi dasturida “Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash konsepsiyasi – 2030” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish zarur deb hisoblashini qayd etib o‘tgan.
Mahmudova o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirish davomida mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish va hududlarni izchil rivojlantirishda kichik sanoat zonalari, iqtisodiy va sanoat klasterlarining muhimligini inobatga olib, ushbu sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida” qonun qabul qilish zaruriyati va davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini ta’minlash, bunda barcha jarayonlarni raqamlashtirish kerakligini alohida ta’kidlagan.
Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan barcha masalalar Qurultoy qatnashchilari tomonidan atroflicha muhokama qilingan va delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
So‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, undagi ayrim masalalarga e’tibor qaratgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasida fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplarini aniq belgilash, sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilish; aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘lishini ta’minlash kabi masalalarga izchil e’tibor qaratish lozimligi, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining maqomini qonun bilan belgilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularga nisbatan turli tazyiqlarning oldini olish va bu borada qonunchilikni yanada takomillashtirish takliflari haqiqatdan bugungi kunda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yo‘nalishlar ekanligi e’tirof etilgan.
Muhokamalar yakunida O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga Mahmudova Robaxon Anvarovnaning nomzodini ko‘rsatish haqidagi taklif va ularning saylovoldi dasturi Qurultoy delegatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, nomzodning saylovoldi dasturini keng aholiga yetkazish partiya faollari oldida turgan muhim masala ekanligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev, Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova Anvarovna, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlik uchun kurashadi. "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi esa prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qilgan. Partiyasi rahbari Alisher Qodirov amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovning saylovoldi dasturi e’lon qilingandi.