Rizo Pahlaviy Oyatullohni ag‘darish uchun Trampdan ko‘mak so‘radi
Olam
−
10 yanvar 12652 2 daqiqa
Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li – Rizo Pahlaviy AQSH Prezidenti Donald Trampdan mamlakatidagi ommaviy norozilik namoyishlariga aralashib, Oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam berishni so‘radi. Bu haqda Pahlaviy o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Shahzoda norozilik namoyishlariga chiqqan faollar kuchayib borayotgan qiyinchiliklar bilan yuzlashayotganini ta’kidlagan.
“Xalq bugun nafaqat o‘q-dorilarga, balki aloqa uzilishi va internet, telefon aloqasining to‘liq to‘xtatilishiga duch kelmoqda”, degan Pahlaviy.
Shahzoda odamlarni son jihatidan ustunlikka ega bo‘lib, xavfsizlik kuchlariga qarshi chiqib, ozodlik uchun kurashishga chaqirgan. U Trampdan yordam so‘rab murojaat qilgan, ammo G‘arbiy ommaviy axborot vositalari qayd etishicha, Tramp Rizo Pahlaviyning namoyishlar yetakchisi sifatidagi da’vosini ochiq qo‘llab-quvvatlamayapti.
Qayd etish joiz, Rizo Pahlaviyning otasi, Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy 1979 yilda ag‘darilgan va uning o‘g‘li ham taxtdan quruq qolgan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda ommaviy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Ular Tehrondagi markaziy bozorda boshlangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflyatsiya va narxlarning keskin oshishiga norozilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.
29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi – riyal tarixiy minimum darajaga tushdi: bir riyal taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘ldi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatni antireytingda faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi tartibsizliklarni AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan, deya baholagan.
Eslatib o‘tamiz, Rizo Pahlaviy butun mamlakat aholisini 8 va 9 yanvar soat 20:00 da bir vaqtning o‘zida namoyishga chiqishga chaqirgandi. Shahzoda xalqqa qilgan murojaatida ularning hafta davomida qilgan namoyishlarini kuzatganini, “zo‘ravon rejim”ning bosimiga qaramay xalqning kurashayotganini e’tirof etgan.
Live
Barchasi