Riyosiz so‘zlar

Madaniyat-san’at

image

Muqaddima

Haqiqiy yozuvchi-shoirlar  haqiqatni yozishni xush ko‘radilar.

Dunyoning qaysi bir chetidagi  adolatsizlik  ularga xuddi o‘zining uyida ro‘y berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki g‘alabasi ularning ruhini ko‘taradi. Ular uchratgani har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadilar, odamlarning muammolari esa ularning  ham muammolariga aylanadi.

Ular ­­­– Vatanparvar. Har holda O‘zbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy o‘zgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirish sari qo‘yilgan qadam ekanligini  teran his qiladilar, kayfiyatilari ko‘tariladi.  Xudoga ming  shukurkim, bu o‘zgarishlar  har soatda, har kun ro‘y berib turibdi.  Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu  islohatlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilg‘or texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti.  Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan.

Qalam ahli bu va ko‘plab boshqa yutuqlardan boxabarlar. Muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi sa’yi harakatlarni ham mudom sezib turadilar.

Yaqinda bir dasta ijodkor do‘stlar bilan qo‘shni do‘st mamlakatga  safarda bo‘ldik. Bir kech o‘z-o‘zidan  badiha davra tuzilib, suhbat gurillab ketdi. Avval mezbon mamlakatni O‘zbekiston bilan taqqos qila boshladik.  Baravariga “Biz oldinga ketibmiz”, degan xulosaga keldik!  Bugungi O‘zbekiston haqida gaplashdik.  Men yetmish olti yil umr ko‘rganimni, ammo  xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini, aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir og‘izdan tasdiqladilar. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz!

Yuraklarni  faxr bilan to‘ldirgan bu e’tiroflar qachon ko‘nglimizni to‘ldirdi?
Axir, biz e’tirof etgan yutuqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q-ku?
Uning ortida kimning mehnatiyu zaxmati, betinim harakati yotibdi?
Mamlakatimizning barcha mintaqalarida yoyilgan bunyodkorlikka  kim g‘ayrat-shijoat bag‘ishlayapti?

Bu savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi.

Oz emas, ko‘p emas,  Yangi  O‘zbekistonni qurmoqchi bo‘lgan shu azamat insonning  misli ko‘rilmagan  fidokorligi!   
Men bu inson haqida ko‘p o‘yladim. Oxiri bu odam haqida yozmasam, adolatdan bo‘lmas ekan, degan qarorga keldim.
Yo‘q, xushomad qilish niyatim yo‘q. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan bo‘lsa, mukofotu unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan bo‘lsam... 

1

Bu islohatlar boshlanganda, mamlakat qay ahvolda edi?
Odamlar qanday yashayotgan edi?
O‘zimning boshimdan o‘tkazganlarimni bir eslay.
Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar bo‘yi isimasdi. Bir farzandim, keyinchalik, “shu uyda bir umr sovuq qotib ulg‘aydik”, deb esladi.

Nafaqaga chiqdim. “Nafaqangni yarmi” to‘lanadi deyishdi.  Nima deyman? Xo‘p-da... Ko‘pga kelgan to‘y.
Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qo‘shib, oydan-oyga arang yetkazamiz.

To‘lov plastik kartasi bilan mashmashalarni-ku aytmay.  Do‘konga borasan.  Kerakli molning narxini so‘raysan. “Naqd olsangiz sakson so‘m, plastik karta bilan to‘lasangiz yuz”... 

Denovda bozorning naq o‘rtasida plastik kartalardagi pullarni naqtga almashtirish “punkti” ochildi.  O‘sha bezbet shaklda –  yuz so‘m yechib olishsa, sakson so‘m qo‘lingga berishadi.  Eng dahshati, bu punktni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari amalga oshirdi. Dodingni  kimga aytishni bilmaysan..

Bu lo‘ttibozliklar butun xalq ko‘z-o‘ngida ro‘y berdi. Hech kim “miq” etolmadi. Qo‘rquv. Bu qo‘rquvdan yaralgan taqdirsizlik – ertani o‘ylashdan cho‘chish – mudom yelkadan toshday bosib turdi.

Qarz ko‘tardim. Dollarda qarz berganlarga, dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, o‘zlari sotib olib yotibdi – odamlarini qo‘yib qo‘yishgan – allaqanday shanqi xotinlar...

Bozorga borasan.  “Dollarchi”lar  shaykasi har qadamda... Dollarning narxi rasmiy narxdan ikki barobar baland. Ko‘r bo‘lib, olasan.
Surxondaryodan g‘alla yetishtirgan bir tadbirkor,  menga uchrashib g‘allasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan bo‘ldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xo‘rlikning jabridan o‘lib ketdi...

U-bu joylardagi o‘zgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi.

Bu ishga qarshi kurashi lozim bo‘lgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdilar. Odamlar ustidan zo‘ravonlik joriy etildi.
Masalan, Surxondaryoda Xavfsizlik Xizmati allaqanday fashistik (boshqa so‘z ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim o‘rnatdilar. Odamlarni pashsha o‘rniga ko‘rmadilar. Xo‘rladilar, mulklarini tortib oldilar, misli ko‘rilmagan qiynoqlarga soldilar,  o‘ldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qo‘lladilar. Ularni yanada yangi “pog‘ona”larga ko‘tardilar.
– Tirnoqlarimni sug‘irib oldilar, - deb zorillab eslaydi ularning qo‘liga tushgan bir begunoh. – Hammasini baravariga sug‘irsalar ham mayli edi, har kun bittasini sug‘iradilar”...

Hatto hokimlarga ham tayziq o‘tkazildi. Bu yurtda ular ham  ishlashdan bezib qoldilar. Noiloj, ishdan ketishga haqida ariza yozdilar.
Mustaqillikdan odamlarning ko‘ngli qola boshladi.

Bitta-yarim tanishlar menga ham ta’na qila boshladilar. “Ana, siz orzu qilgan istiqlol”...

Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ismu familiyamni ham o‘chirib tashlaydigan bo‘lishdi. Men nima qilgan edim?  Bir ko‘rsatuvda “birovlar harom-harish yo‘l bilan pul to‘playaptilar – payti kelgach, pullarini  ko‘tarib, xorijga jo‘nab ketadilar”, degan rost gapni aytgan edim, xolos. Bu ko‘rsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi...

Ta’n olaylik, mustaqillikning ilk davrida, yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun bir qadar qattiqqo‘llik ham zurur edi.  Ammo mamlakat rivojlanib borgan sari bu qattiqqo‘llik o‘rnini, adolat o‘lchamlariga mos yo‘riqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qo‘lida asirday yashadi. Joylarda ro‘y berayotgan, hatto o‘z oilasidap ro‘y berayotgan voqealardan ham g‘ofillikda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi.   
Yuqoridagi yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor bo‘yicha ko‘rsatish uchun esa, necha jildlab kitoblar yozilsa bo‘ladi. Men faqat boshimdan o‘tkazganlarimning va tug‘ilgan yurtim Surxondaryoda ro‘y bergan  mashhum voqealarning bir qisminigina eslayapman.

Avj olgann muammolarni bartaraf etish yo‘llarini  hech kim bilmasdi. 

Biroq Parvardigor bilguvchidir! U mamlakatni rivojlanish sari yo‘naltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi. 

Mamlakat prezidentligiga  Shavkat Miromonovich Mirziyov saylandi va… birdan mu’jizalarga o‘xshash  hodisalar ro‘y bera boshladi.
Yuqorida aytib o‘tganim ko‘rguliklar birtta-bitta yechimni topib ketaverdi.  To‘lov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi, pensiyalar to‘liq beriladigan bo‘ldi, banklar yangicha ishlash tizimiga o‘tishdi – xohlasalaring, mana, so‘m; istasalaring dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi.  Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak bo‘lganligini faqat va faqat  Shavkat Miromonovichning bir o‘ziga ayon. Axir, qalamga olganim hodisalardan tashqari,  u kishining zimmasida yana qancha qancha tashvishlar bor edi. 

Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkundalari shaykasini tugatish naqadar qiyin bo‘lganini tasavvur qilaman. Axir, ular osmondan tushmagan – bu gumrohlarni Toshkentdan martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan  homiylari qo‘llab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar to‘dasining ko‘lami juda katta – bir-birlari bilan zich bog‘lanib ketgan; xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham ko‘rmagan,  odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan  bedavolardan iborat edi.  Avval mana shu to‘daning boshi kesildi. Bu ish oson bo‘lmadi.. Bo‘shangroq bir odam bo‘lganda, ular bilan murosa–madora etib  ketevarardi. Ammo Shavkat Mirovonovich bunday  qilishni o‘ziga ep bilmadi. Chunki o‘rtada Vatan, Xalq  taqdiri bor edi. Bo‘lajak Vatanni bunday to‘dalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom teran his etib turardi.

Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushinadi.

Qotillik illati  yuqqan bu kaslarlar el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, kiyin pastdagi qatlam ildizi bilan sug‘irib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson...  

Mamlakatimiz tarixida bu voqealar kimgadir juda kichik bir epizod bo‘lib tuyular, ammo xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch to‘dalardan ozod etish rahbarimizdan qanchalar matonat va qa’tiyat kerak bo‘lganligini bir tasavvur qilib ko‘ring!

Esimda, bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, Prezdentimiz Surxonga tashrif buyurib,   “Surxondaryo xalqi endi ozodsan!”,  deb elga murojaat etgan edi.

Haqiqatdan, Surxondaryo  erkin nafas oldi.   

Men faqat yaxshi bilganim Surxondaryo haqida yozyapman. O‘zbekistonda esa, o‘n ikkita mintaqa bor. Ularning muammolarni hal etishdagi Prezidentimizning mardonavor sa’i harakatlarini qalamga olish uchun esa, bu maqola torlik qilishini, sezib turibman.

2

Odamlar yaxshilikka tez ko‘nikishadi.  Bir-ikki “yaxshi bo‘ldi-e!” deb quvonishadi-yu,  xuddi hamisha shunday  bo‘lganday  o‘tib ketaveradilar. Nazarimda, shunday bo‘lgani ham durust! Odamlar odamga o‘xshab yashashni o‘rganayaptilar! Munosib yashash mu’jiza emas, shunchaki har kun biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekanlgiga ko‘nikib boryapmiz-da!..

Ammo men rivojlanish jarayoni  shu qadar jadal boryotganidan baribir quvonaman.

Avliyolar, olimlar maskani bo‘lgan Termiz es bilganimdan buyon, ko‘rimsiz, changu to‘zonga  qorishgan, soya-salqindan yiroq – yopiq harbiy bir shaharcha edi. Unga kirishning  o‘zi ham bir mashaqqat –  harbiylarning posti o‘rnatilgan, har bir yo‘lovchining pasportini sinchiklab tekshirishar, agar Surxondaryo hisobida bo‘lmasang,  o‘tib ko‘r-chi!

Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshuruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat o‘rtasida  sun’iy to‘siqlar – militsiya postlari o‘rnatildi. Bu hol xalqimizning mamlakatimiz bo‘ylab erkin harakatlanishiga xalaqit beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan bo‘lsang,  bu postlardan o‘tishning yagona yo‘li – yo‘lini topib, bu posbonlarga pora berish... Boshqa ilojing yo‘q. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyatni yaratish uchun qo‘yilgan tuzoq edi...

Surxondaryoda esa bu hol yo‘lovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab  ­– viloyatga kirishda – Darband postida xuddi xorijga ketayotganingday bor-yo‘g‘ing tintilar; yuklaring esa lentaga solib, o‘tkir ko‘zli uskunalar yordamida, ko‘zdan kechirilardi. Bu ham yetmaganday, chamadonu sumkalarni ham ochirilib,  tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasang qutilib bo‘psan. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi. 

Bu to‘siqlarning hammasi Shavkat Miromonovichning bir shashti bilan yo‘q bo‘ldi.

Changu g‘uborga qorishgan Termiz ham birdan o‘zgara boshladi.    

Hozir bu shahar ko‘chalarining ikki chetida  anvoyi daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha, yam-yashil chimzor. Gullar ajib bir did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, aeroportgacha mana shunday go‘zal –bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarini eslatadi.  Yangi qurilgan shinam, ko‘rkam  tutar-joy imoratlari  ham yarashiqli. Menga o‘qituvchilardan biri “odamlarning o‘y-joy bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilgan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan xolis bo‘lganlar”  deb qoldi. Amaldor emas, o‘qituvchi aytdi.

Termiz esa o‘syapti.  Baland-baland binolar qad ko‘taryapti.  Hatto shahar erkin nafas rostlab – tiqilmay  kengayishi uchun qo‘shimcha yerlar kerakligi ko‘zga tashlanib qoldi.  Shavkat Miromonovich  bu masalani ham hal qilib berdilar  - shaharga qo‘shimcha joylar ajratildi.

O‘quvchida Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yanayotgan ekan, degan  taassurot qolmasligi uchun aytib qo‘yay, viloyatlardagi barcha tumanlar o‘zgacha qiyofa kasb etgan.  Chamasi besh-olti yil avval bir guruh san’atkorlar bilan Surxonning shimoliy  hududlari sari ketayotgan edik. Yo‘lda bir zum chalg‘ibman.  O‘zimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan o‘tayapmiz. Ko‘p qavatli uylar, oralarida orasta yo‘lkalar, daraxtlar,  bolalar  o‘ynaydigan maydonchalar lip-lip o‘tadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoni har bir qarich yerini bilaman. Nahotki, tush ko‘ryotgan bo‘lsam?  Biroz yurgach, angladim, bu – Denov. Ha, o‘zim boshdan-oyoq kezib-bilib yurganim Denov!  Ey, xudo! Bu shahar ichidagi shahar – mo‘’jiza qachon, qanday barpo bo‘ldi? Shuncha tezmi? Angladim – bu mo‘’jiza

Prezdentimizning shijoati tufayli bunyod bo‘lgan!  So‘ng tasavvur qildim – mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki,  mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan bo‘lsa kerak-da! Ketyapti! 

Butun mamalakatda bunday yoppa bunyodkorlikni  qaysi qudrat harakat keltirayapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyov!

3

Men majlislarga kam qatnashaman. Maqsad majlis o‘tkazishdangina iborat bo‘lgan yig‘inlardan  o‘zimni tortaman.   

Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday o‘tganligini sezmadim.  Zavqlanib o‘tirdim. O‘zbekistonni  sevadigan bir vatanparvar sifatida faxru quvonchga to‘ldim. Gap Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezdentimiz viloyatda o‘ttizinchi yillarga qadar  amalga oshiraladigan rejalar haqida so‘zladilar.

Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, ko‘lamli va aniq tayorgarlik ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.   Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor,  mablag‘ bor (bank boshlig‘i tasdiqlaydi,  yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilganligi aytiladi),  bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi.  Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutassadilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdilar. Har bir loyihada qancha ish joyi yaratilishi ham ochiqlanib borildi.  Yuzlab, minglab...

Har bir reja haqida so‘z ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror bir ishni amalga oshirish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qa’tiy ishonch bilan axborot berildi.

Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa, onlayin tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlarning hozir turganliklarini, O‘zbekistondan imo bo‘lgach, shu zohatiyoq uchib borishlarni ma’lum qildilar. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas –  Xitoydan tortib, Janubiy Afrika Respublikasigacha!

Shavkat Miromonovichning hech narsani unutmadi. Prezident bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki – ong orti tuyg‘u  bilan his qilishini shundoq sezib turdim.   

Kattayu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil mas’uliyat bilan yondoshishlariga, ba’zan badihalarga ham  guvoh bo‘ldim.
Majlisdan avval boysunlik – kurash bo‘yicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon To‘raboyev bilan uning yosh kurashchilar uchun ochilgan internat-maktabi haqida suhbatlashgan edik.  Majlis so‘ngrog‘ida Prezident ana shu polvonga murojaat qilib qoldi.

– Sening internatingning maktabi yo‘g‘-a?   
– Yo‘q, – dedi polvon.
– Bolalar qayerga o‘qishga boradi?
– Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga.
Shavkat Miromonovich ko‘zlari bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi:
– Puling bor-a?

“Ha”, deb, o‘rnidan qo‘zg‘oldi “kerakli odam”.
– Shu polvonning internatiga  maktab qurib berolasanmi?.
“Kerakli odam” jon deb rozi bo‘ldi.
– Bir sentyabrgacha tayyor bo‘lsin...

Zavqlanganimdan, sekingina bo‘lsa-da “vo-ya” deb yubordim. Axir, Shavkat Miromonovichning yelkasida o‘ttiz to‘qqiz million xalqning tashvishi! Mamlakatda, e-he, qancha maktab bor!  Endi keli-kelib Prezident Toshtemir polvonning maktab-internatini muammosini eslab o‘tirsa!..

Yig‘inda menga ham  so‘z berildi va men bu majlisni “Surxondaryoliklar uchun “bayram” deb atadim.  Chunki, tushunishimcha, Vatani degan muhtasham imorat rivoji uchun qo‘yilgan birgina har g‘isht bayram. Bugun esa qanchadan qancha g‘ishtlar qo‘yildi!

Men bu majlisdagi amalga oshiriladigan har bir reja  yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar dasturxoniga qanchalar fayzu barokat kirishi haqidagi raqamlarni  eslab o‘tirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi.

Ammo bir qutlug‘ xabarni aytmasam bo‘lmaydi.

Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan bo‘ldim.

Termizdan keladigan yo‘l manzilga olti-yetti kilometr qolganda,  yuqoridagi majlisda tilga olingan – bir necha yillrdan buyon qurilishi davom etayotgan Darband-Denov trassasiga qo‘shiladi.  Biz bo‘lajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yo‘l. G‘izillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi ko‘tarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan ko‘priklarni aylanib o‘tdik, xolos. Ichimda, bir-ikki oyda bitib qolar, deb o‘yladim.

To‘rt kundan keyin, “Boysun bahori”  bayramiga qatnashish uchun shu yo‘ldan yana o‘tishga to‘g‘ri  keldi.  Bu safar mashinamiz tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan  g‘izillab o‘tib ketdi! Ha, tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan! Oradan faqat to‘rt kun o‘tib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil!    Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar o‘z muddatida bajarilishiga imon keltirdim. 

Prezdentimiz yig‘in so‘ngida shu taxlit rejalar bilan har viloyatga va Qoraqalpoq respublikasiga borilishini ta’kidlab o‘tdilar! Yana  mamlakat kelajagini yaratish yo‘lida yoppa, jadal harakat! Bir zum  bo‘shashmaydigan, elga dasturxoniga barakat beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilishni bilmaydigan,  mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi.!

Men yaqin kelajakda yurtimizni dunyodagi eng ilg‘or   mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qo‘shilmaydiganlar bo‘lsa, Jahon bankining O‘zbekistonni rivojlanish sur’ati haqidagi raqamlariga murojaat etishsin. Bank 2026 yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi sur’atini 7,7 foiz etib,  prognoz beryapti. Xorijlik mutuxassislarning fikricha,  o‘n-o‘n ikki yildan keyin O‘zbekistonning yalpi ishlab chiqarish trillion  dollardan oshar ekan! Trillion! Bular  osmondan olingan emas, aniq faktlar  tahlili asosida yuzaga kelgan  raqamlar! Ko‘z tegmasin!

Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qo‘yayapmiz? Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin  – hozirgina o‘qib qoldim: o‘sishimiz surati ularning taxminidan juda yuqori – 8, 7 foizdan ziyodroq ekan!

4

Dunyoning ulug‘ donishmandalari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelganlar.  Insonlar, xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga o‘zi ham aralashib, ne-ne g‘avg‘olarni boshidan o‘tkazgan Alisher Navoiy bir kun mana bunday satrlarni bitib qolganlar:

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.

Bu bayt ma’nosini barcha anglab turgan bo‘lsa ham, mayli, sharhlab qo‘yay: “Dunyo odamlari, deyapti shoir, bilib qo‘ying, dushmanlik yaxshi ish emas.  Bir-biringiz bilan bo‘ling do‘st bo‘ling, insonga faqat do‘stlik yarashadi”.

Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali Prezdentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanlig‘ ish emas” emas ekanligini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar o‘rtasida avj olgan noxushliklarni  yuragi achishib kuzatgan. U kishi boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xo‘jalik yurish bo‘lgani uchun ham,  qo‘shnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotgannini ham teran his qilganlar. Eng muhimi, bu g‘alvalardan odamlar ham azoblanayotgani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Albatta, shunday bo‘lgan! Shu sababdan,  Shavkat Miromonovich  mamlakat  boshqaruvi jilovini o‘z qo‘liga olgach, bir zum tin olmay, avvalo qo‘shnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha og‘ir-yengil kechgani faqat shu  shu ezgu niyatli odamning o‘ziga ma’lum. Ammo natija qutlug‘ – qo‘shni mamlakatlarga yo‘limiz tushsa, O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat ko‘ryapmiz.  

Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Sho‘rolar davrida   masalan,   Tojikston  bilan O‘zbekiston o‘rtasida  chegara bor-yo‘qligi  esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar bo‘lgani uchun Dushanbaga ham uchib borib, Surxonga o‘tib ketaverardik. Ba’zilar kattaroq bozor-o‘charini Dushanbaga borib qilardi...  Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat o‘tgach, hamma o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lib oldi. Chegaradan o‘tish ushalmas bir orzuga aylandi!

Hozir tarixga aylangan bosh og‘riq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda, jigarining  qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan o‘tolmagan ekan. Regar bilan Sarosiyoning orasi, ha boringki, yarim soatlik yo‘l! 

Ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari o‘rnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan so‘ng yig‘lab-siqtab yuz ko‘rishdilar.  Dushanbadan shuvillab mashinalar  Surxondaryoga keladigan, uch-to‘rt sariosiyolik do‘stlar “Dushanbani bir aylanib kelaylik”, deb  yo‘lga chiqadigan bo‘ldi.  Bir qadam yo‘l! Ertalab borib, kechqurin qaytib kelasan!

Tojikstonning tirikchiligini bizning  mamlakatimizsiz tasavvur etish qiyin. Ularning boshqa hududlar, qo‘yinki, jahon bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llar bizning  yurtimiz orqali o‘tadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega bo‘lgan tojik xalqining xurramligi nechog‘lik bo‘lganini tasavvur eting!

Shu sababdan, Shavkat Miromonovich bu qo‘shnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda, Emomali Rahmon  sahnadan turib, hazil aralash juda zo‘r  lutf etgan edi: “Bular, – dedi u zalni to‘ldirib o‘tirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, – sizni  mendan ham ortiq yaxshi ko‘radi!”.  Mana, hurmat! Mana, qardoshlik!

Biz Prezidentimizning bu tashrifdan so‘ng bir necha paytlar o‘tgach,, besh-olti yozuvchi jam bo‘lib, Dushanbaga bordik.  Maqsadimiz Boysunda tug‘ilgan do‘stimiz, Tojikston Xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan  Dushanbadagi yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Engnimizda  jinsiyu mayka... Aeroportda esa bizni o‘n-o‘n besh chog‘lik – oppoq ko‘ylak, qora kostyum-shim kiygan tojik do‘stlarimiz kutib olishdi. Ertasi, kutilmaganda, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konfrensiya o‘tkazishdi. Yana hamma o‘sha rasmiy kiyimda. Ko‘chada esa yoz... Birodarlar, buni tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar!  O‘zbeklarga bo‘lgan izzat-ikrom!

Bizni Surxondaryoga olib ketgani, yurtimizdan og‘aynilar kelishdi.  Men yo‘lda qanday ketsak bo‘ladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa ma’qul; milisalar to‘xtatsa, qanday muomila qilish kerak, deb so‘rab qoldim? Har holda mashinalarimiz raqamlari O‘zbekistonniki-da! Tojik do‘stlarning javobi meni hayron qoldirdi!

– Har qanday tezlikda haydaveringlar! Milisalar to‘xtatmaydi!  Prezidentimiz “o‘zbeklar mening mehmonim  – ularga hech kim teginmasin”, deb  yuqori minbardan aytgan!

Qalay?

Bu gaplar o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmatning eng cho‘qqisi edi.

Ikki xalq o‘rtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga ko‘tarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy –diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari  bilan bog‘lik edi.

Yaqinda atoqli o‘zbek shoiri Shavkat  Rahmonning  tavalludining 75 yilligini nishonlash uchun O‘sh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yo‘lga chiqdik. Ilgari ham O‘sh safarida bo‘lganman.  Chegara mashmashalarini o‘ylab, ko‘nglim xijil bo‘lib borayotgandim. Ammo bezovtalikka o‘rin yo‘q ekan. O‘zbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni ko‘rsatib, bemalol o‘tib ketaverdik. Qirg‘izlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti.

Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq o‘rtasida ishonch va haqiqiy do‘stlikni  qayta barpo etgan  insonlarni olqadik. Axir, bu ikki qo‘shni xalq o‘rtasida nimalar o‘tmagan edi!

Shavkat Rahmonning  yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada o‘tdi.  Majlisda Qirg‘iston hukumatining bosh kotibi, nufuzli “Turksoy” tashkilotining boshlig‘i, O‘sh shahrining hokimi qatnashdilar va nutq so‘zladilar. Shavkat o‘qigan maktabga va shaharning katta ko‘chalaridan biriga uning nomi berildi. 

Albatta, bu katta shoir bunday ehtiromga arziydi. Shubha yo‘q. Ammo baribir bu samimy ehtiromning asosi Shavkat Miromonovich ekanligini ham har daqiqada his qilib turdik.

Kamina Qozog‘iston safarida bo‘lganimda, do‘stlarning xuddi shunday mehrga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofotlar bilan taqdirlandim. Hatto xorij bir mamlakatining adabiy mukofoti ham qozoq do‘stlarimizning tavsiyasi bilan  menga  topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday g‘arazli kechganda, shunday hol ro‘y berar edimi?

Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi bu ittifoqchilikning, bag‘rikenglikning va mehru muhabbatning  bosh me’mori Shavkat Miromonovich ekanligini hozir barcha ko‘rib turibdi. Xorijliklarham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida O‘zbekistonga qaramoqdalar.

Men, asosan, azaliy yaqin qo‘shnilarimiz bilan munosobatlar haqida yozdim.  Har kun o‘zgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytarga arzigulik ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman.  Masalan, o‘zicha yashashni xush ko‘radigan Afg‘oniston bilan ham yetarli darajada aloqalar o‘rnatganmiz.  Axir, bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!..  Hozir shundoq Amudaryodagi ko‘prikdan o‘tib, o‘zbek tuprog‘iga qadam qo‘yilgan joyda “O‘zbekiton – Afg‘oniston chegara oldi savdo zonasi” bunyod etilgan. Qator-qator do‘konlar, mehmonxonalar, oshxonalar...  Savdo-sotiq avjida. Zona to‘lib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu zonaga yana qo‘shicha yerlar ajratish haqida topshiriq berdilar.

Albatta, bu yon qo‘shnilarimiz ham O‘zbekiston rahbariga sha’niga iliq so‘zlar aytganlari-aytgan...

Dunyoda haqiqiy obro‘ga ega bo‘lish oson ish emas. Bu rutbaga iste’dodli, o‘zini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan; o‘z mamlakatini ham jonidan yaxshi ko‘radigan siyosiy arboblargina sazovor bo‘ladilar.
Mana shunday obro‘ga ega bo‘lganlardan biri esa bizning Prezidentimiz – Shavkat Miromonovich!  Ha, o‘zimizning Prezident!

5

Mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “men o‘zbekman!”, deganlarni quvontiradi.
Masalan, keyingi oylardagina ro‘y bergan bir qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti.

Agar ikki-uch yil avval barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan birov sakson-to‘qson  senterdan hosil olinadi desa, kamina “qo‘ysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday bo‘ldi!  Yana qayerda deng? Sirdaryo viloyatida!  Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. O‘rtacha yigirmadan hosil olinsa, do‘ppi osmonga otilardi!  Endi esa!.. Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning o‘zlari ham  chanoqlari boshdan oyoq ochilgan  paxtazorga qarab,  hayrat bilan gapirishganiga guvoh bo‘lganman.  Xorijdan urug‘lik ketirildimi? Keltirildi. Ammo o‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q. “Porloq” navli g‘o‘zamiz xorijiy navlardan ortiq bo‘lsa ortig‘u, kam emas!

Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob ro‘y berdi!

Yana hayratlanarli bir voqea.  

Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bu sira fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun   jahonda o‘n yilga cho‘zilar ekan. Bizda esa,  to‘rt yilda (ha, to‘rt yilda!) amalga oshirildi.  Bu muddatga hatto o‘zimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqirashmagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni O‘zbekistonning bu tezkor tajribasidan  o‘rganishga chaqirdi.

Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali o‘zbeklarning necha-necha avlodi g‘ururlanadigan mo‘’jizaning  – Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib  did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qo‘l bilan ishlangan naqshlar,  butun dunyodan yig‘ib kelingan – ilgari o‘zimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon qur’oni, qadimiy qo‘lyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llanishi...

Shavkat Miromonovich bu marakazning qurilishi haqida bir qiziq tushintirish berdilar:“Bu markazni qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”.

Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki navbatgai bir imorat emas, san’at asari qurilayotgan edi! San’at  asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondoshiladi!  Prezidentimiz mana shu noziklikni  anglaganlar!
Xullas, asrlarga tatigulik inshoat dunyoga kelgan.

Men internetda bu mo‘’jizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatni eshitdim.
 – Sen, – dedi ularning biri, imorat bor bo‘yicha ko‘ringach, – “Tojimahal”ni ham  ko‘rgansan. Qaysi zo‘r?..
- Bu zo‘r-ov, – dedi hamrohi,  binoga bir qur nazar tashlab. So‘ng ishonch bilan bir qarorga keldi: – Bu zo‘r!
Tamom vassalom! Bu zo‘r!

Bunday yaratuvchiliklar haqida yozaversam, ado bo‘lmaydi shekili.

Bugun internetni ochdim.  Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 km yangi temiryo‘l qurilishi,  Samarqandga boradigan yangi tezkor yo‘l, tuproq ishlari ketayotgan Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy  ishlarning boshlanishi...   
Nazarimda, hayratlarimning endi cheki bo‘lmaydi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist ukam – to‘qsoninchi yilarning oxirda bo‘lsa kerak – futbol gazetalaridan biriga   intervyu olib qoldi.

–  Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yo‘llanma oldi, – deb qoldi u. – Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz?
– Endi,  – dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum ko‘z oldimga keltirib, –  mamlakatimizni Yaponiyaga mengzab  rivojlanishni kutamiz-da, ukam.

Orzumizga erishdik. Futbochilarimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi?  Shunga juda o‘xshaydi. Har holda rivojlanishimiz sur’ati  “kunchiqar yurt”nikidan anchagina baland.
Ishonchim komil, shunday bo‘ladi!

Chunki Vatanimizning bugunini va ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bog‘lagan!

May oyi 2026

Usmon Azim 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing